KXDR xakerlari kompaniyalardan maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘irlashda ayblanmoqda
Olam
−
26 iyul
3083Shimoliy koreyalik xakerlar butun dunyo bo‘ylab kompaniyalardan maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘irlashda ayblanmoqda. Bu haqda AQSH Milliy xavfsizlik agentligi, Buyuk Britaniya Milliy kiberxavfsizlik markazi va Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati qo‘shma hisobotida so‘z boradi.
Bildirilishicha, Shimoliy Koreya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Andariel xakerlar guruhi (Apt45 nomi bilan ham tanilgan) tanklar, suvosti kemalari, jangovar samolyotlar, raketalar va radar tizimlari ishlab chiqaruvchilarining kompyuter tizimlariga hujum qilmoqda.
AQSH, Buyuk Britaniya va Janubiy Koreya davlat idoralarining ta’kidlashicha, Yaponiya va Hindistondagi turli sanoat tarmoqlari ham nishonga olingan. Qo‘shma bayonotga ko‘ra, Andariel kiberguruhi “AQSHdagi ayrim sog‘liqni saqlash tashkilotlariga qarshi to‘lov dasturi orqali josuslik faoliyatini moliyalashtiradi”.
AQSH Adliya vazirligi kiberguruh a’zosi bo‘lgan Shimoliy Koreya fuqarosi Rim Jong Xyokni AQSH tibbiyot muassasalariga kiberhujum uyushtirganlikda aybladi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya fuqarosi bu yerdan olingan to‘lovlardan foydalanib, butun dunyo bo‘ylab davlat idoralariga qarshi xakerlik faoliyatini amalga oshirgan.
Ayblov xulosasida aytilishicha, Rim Jung Xyuk va boshqa shimoliy koreyalik xakerlar AQSH harbiy-havo kuchlarining ikkita bazasi, NASA hamda Tayvan, Janubiy Koreya va Xitoydagi bir qancha tashkilotlar tizimlarini buzib kirishga uringan.
Qayd etilishicha, Rim Chen Xyukning joylashuvi yoki shaxsini aniqlovchi ma’lumot uchun 10 million dollargacha mukofot belgilagan.
2023 yil boshida BMT Shimoliy Koreya 2022 yilda o‘tgan yilga nisbatan ko‘proq raqamli pul o‘g‘irlaganini ma’lum qildi. Xalqaro kuzatuvchilarning aytishicha, o‘g‘irlangan mablag‘ Shimoliy Koreyaning sanksiyadagi yadroviy va raketa dasturlari uchun sarflanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH va Buyuk Britaniya Xitoyning APT31 xakerlar guruhini siyosiy arboblarga qarshi kiberjosuslikda ayblagandi.
Azizbek Eshmamatov
LiveBarchasi