Toshkentda jamlanayotgan boks yulduzlari

Sport

Turkiya Prezidenti bilan ko‘rishgan o‘zbekistonlik futbolchi, profboksdagi 2-mag‘lubiyatini qabul qilgan G‘oyibnazarov, o‘zbek futbolini sharmanda qilgan Olmaliq klubi, dunyo boksi yulduzlarini o‘ziga chorlayotgan Toshkent va Jahon chempioni bo‘lgan bodibilding ustalari dasturimizning asosiy mavzulari bo‘ladi. Assalomu alaykum. QALAMPIR.UZ’da hafta sporti dayjesti

5 noyabr kunida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rizo viloyatiga tashrifi chog‘ida “Rizespor” klubini qabul qilib, jamoa rahbariyati va futbolchilari bilan suhbat qurdi. Uchrashuv chog‘ida Prezident “Rizespor” klubida to‘p tepadigan o‘zbekistonlik futbolchi Husniddin Aliqulov ham Turkiya Prezidenti bilan ko‘rishdi. Uchrashuv davomida “ko‘k-yashillar” jamoasi prezidenti Ibrohim Turgut Prezident Erdo‘g‘anga “Rizespor” libosi va qush haykalini sovg‘a qildi. 24 yoshli Aliqulov shu yilning sentyabr oyidan buyon Turkiya klubi safida to‘p tepib kelmoqda. U joriy mavsum mamlakat chempionatining 10 ta o‘yinida maydonga tushdi. Aliqulovning “Rizespor” bilan shartnomasi 2026 yilga qadar mo‘ljallangan. “Transfermarkt”ga ko‘ra, himoyachining qiymati 1,20 million yevroni tashkil etadi.

6 noyabr kuni Rossiyaning Sochi shahrida professional boks oqshomi o‘tkazildi. Markaziy jangda ringga chiqqan O‘zbekiston vakili Fazliddin G‘oyibnazarov mag‘lubiyatga uchradi.

Birinchi o‘rta vaznda 10 raundlik jangda G‘oyibnazarov rossiyalik sobiq jahon chempioni Rajab Bo‘tayevga qarshilik ko‘rsatdi. 4-raundga kelib o‘zbekistonlik sportchi jangni davom ettira olmadi va texnik nokaut evaziga mezbon bokschining qo‘li baland keldi. Minimal vaznda Hasanboy Do‘smatov janubiy afrikalik Sifamandla Balenini mag‘lub etib, profboksdagi 6-g‘alabasiga erishdi. Yarim o‘rta vaznda ikki o‘zbekistonlik o‘zaro to‘qnash keldi. Botir Ahmedov 3-raundda Muhammadsalim Sotvoldiyevning olgan jarohati tufayli bahsni davom ettira olmagani hisobiga g‘alabaga erishdi. Shuningdek, profboks kechasi doirasida o‘zbekistonlik Timur Nikulin ishtirokida media jang ham bo‘lib o‘tdi. Bahsda Nikulin rossiyalik raqibi Ibragim Islomovning 3-raundda jangdan bosh tortgani sababli g‘olib bo‘ldi.

6 noyabr kuni futbol bo‘yicha Osiyo Chempionlar ligasi (OCHL) guruh bosqichining 4-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Tur doirasida O‘zbekistonning 3 ta jamoasi – “Nasaf”“, Navbahor”  hamda OKMK klublari maydonga tushdi.

Qarshining “Nasaf” jamoasi o‘z uylarida BAAning “Sharja” klubini qabul qilgan bo‘lsa, Namanganning “Navbahor” klubi mehmonda Eron jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Tehron shahrida o‘tkazilgan “Nassaji Mozandaron” - “Navbahor” uchrashuvida umumiy 4 ta gol urildi. O‘yin yakunida esa gollarning 3 tasiga mualliflik qilgan Samvel Babayan shogirdlari eronliklar ustidan g‘alaba qozondi. Shuningdek, kunning ikkinchi muhim uchrashuvida o‘z maydonida “Sharja”ni qabul qilgan “Nasaf” 1:1 ko‘rinishidagi durang natija bilan qanoatlandi. 

Birmuncha asabiy o‘tgan o‘yinning 16-daqiqada Marega Eron jamoasining birinchi hujumini golga aylantirib, hisobni ochdi. Bu natija birinchi bo‘limda o‘zgarishsiz qoldi. Qarshiliklar ikkinchi bo‘limning 81-daqiqasiga kelibgina hisobni tenglashtirishdi. Abdurahmatovning zargarona uzatmasini Lima Krus golga aylantirdi. Uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida BBA klubi darvozaboni va Alibek Davronov maydondan chetlatildi, biroq 10 kishi bo‘lib qolgan ikki jamoa ham bu imkoniyatdan unumli foydalana olmadi. Olmaliqning OKMK klubi esa safarda Eronning “Sepaxon” jamoasi bilan bahs olib borib, yirik 9:0 hisobida imkoniyatni boy berdi.

Eron klubi vakillaridan Muhammad Javod Husaynzoda va Issa Alekasir dubl qayd etgan bo‘lsa, Farshad Ahmadzoda, Rizo Asadi, Muhammad Gorbani, Ramin Rizoyan va Shahriyor Moganlu bittadan gol urishga muvaffaq bo‘ldi. O‘yinning 65 daqiqasida “konchilar” vakili Akromjon Komilov hakam tomonidan o‘yindan chetlatildi. Komilovning qizil kartochkasidan so‘ng, tushkunlikka tushib qolgan mehmonlar qatorasiga 5 ta gol o‘tkazib yubordi. Shunday qilib, OKMK “C” guruhida 4-o‘rinni egallaydigan bo‘ldi. Oxirgi 2 turdagi g‘alaba ham Mirjalol Qosimov shogirdlarini guruhdan chiqishiga yetarli bo‘lmaydi. 7 noyabr kuni  Toshkentning “Paxtakor” klubi safarda Turkmanistonning “Ahal” jamoasi bilan bahs olib borib, 1:1 hisobidagi durang qayd etdi. “Ashxobod” stadionida bo‘lib o‘tgan o‘yinning birinchi bo‘limida hisob ochilmadi. Ikkinchi taymning 68-daqiqasida Odil Hamrobekov keraksiz vaqtda raqibga nisbatan juda qo‘pol o‘ynab, qizil kartochka oldi va “Paxtakor”ni qiyin vaziyatda qoldirdi. 81-daqiqada esa mezbon jamoa vakili Alibek Abdurahmonov 10 kishi bo‘lib qolgan “sherlar” darvozasini ishg‘ol qilib, hisobni ochdi. O‘zbekiston jamoasi sharafini himoya qilayotgan Hojimat Erkinov 90+5-daqiqada muvozanatni tikladi. Shu tariqa “Paxtakor” naqd bo‘lib turgan mag‘lubiyatdan qutilib qoldi va durang natija bilan qanoatlandi. “Paxtakor” 4 ochko bilan guruhda 2-o‘rinda bormoqda. “Ahal”da ham 4 ochko mavjud. Oxirgi 2 ta turda “sherlar” guruh peshqadami amirliklarining “Al-Ayn” va Saudiyaning “Al-Feyha” jamoalari kuch sinashadi. “Ahal” bilan durangdan so‘ng Toshkent klubi guruhdan chiqish masalasini og‘ir ko‘rinish olib keldi. Endi Maksim Shatskix shogirdlari o‘zlari juda noqulay bo‘lgan raqiblar bilan bahsda g‘alaba qozonishlari kerak bo‘ladi. E’tiborlisi “Paxtakor” guruhdagi dastlabki o‘yinlarda bo‘lajak raqiblari “Al-Ayn” va “Al-Feyha”ga imkoniyatni boy berdi.

Butunjahon boks konfederatsiyasi (WBC) rahbari meksikalik Maurisio Suleyman ilk bor 12-17 noyabr kunlari Toshkent shahri mezbonlik qiladigan WBC'ning yillik 61-konvensiyasi munosabati bilan O‘zbekistonga keldi
Maurisio Suleymanni Toshkent xalqaro aeroportida Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, mamlakat professional boks federatsiyasi mutasaddilari kutib oldi.

“Butunjahon boks ittifoqi (WBC)ning yillik konvensiyasi ilk bor Markaziy Osiyo mintaqasida tashkil etilmoqda.  Darvoqe, bu yil WBC tashkil topganiga roppa-rosa 60 yil bo‘ldi. Tashkilotning yubiley tadbiri ham aynan yurtimizda o‘tkaziladi”, deyiladi O‘zbekiston poressional boks federatsiyasi xabarida..

Ta’kidlash joiz, yubiley tadbiri doirasida boks yulduzlari ham O‘zbekistonda mehmon bo‘ladi. Undan tashqari 17 noyabr kuni “Humo arena”da o‘zbekistonlik professional bokschilar ishtirokida janglar tashkil etiladi. WBC'ning yillik 61-konvensiyasi munosabati bilan Toshkentga Tayson, Fyuri, Mayk Tayson, Evander Xolifild, Vasiliy Lomachenko, Amirxon, Konstantin Szyu, Nasim Hamid, Xulio Sezar Chaves va boshqa bir qator jahon boksi yulduzlari kelishi tasdiqlandi.

O‘zbekiston futbol federatsiyasining (hozirgi O‘FA – tahr.) sobiq prezidenti Elmar Aminov 91 yoshida vafot etdi. Elmar Aminov 1932 yilning 23 yanvar kuni Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. U Sankt-Peterburg jismoniy tarbiya institutini tamomlagan. Aminov talabalik davrida shaybali xokkey bilan professional tarzda shug‘ullanib, sportning shu turi bo‘yicha sport ustasi bo‘lgan. 1956 yilda “Paxtakor“ futbol klubi boshlig‘i va bir vaqtning o‘zida Futbol federatsiyasi prezidenti etib tayinlangan. Elmar Aminov shuningdek, 27 yil davomida Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasini, keyin esa O‘zbekiston Turizm kengashini boshqargan. 

“Taniqli sport va jamoat arbobi, o‘zbek futboli rivojiga ulkan hissa qo‘shgan inson Elmar Aminovning vafoti munosabati bilan marhumning yaqinlari va oila-a’zolariga chuqur ta’ziya va hamdardlik bildiramiz”, deb yozadi O‘zbekiston futbol  assotsiatsiya matbuot xizmati.

Janubiy Koreyaning Vonju shahrida 14-bodibilding va fitness bo‘yicha Jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Dunyo birinchiligida ishtirok etgan 3 nafar O‘zbekiston vakili oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.

Dunyoning ellikka yaqin davlatidan 650 nafardan ortiq sportchilar qatnashgan musobaqaning -85 kg vaznida Ibrohim Latipov, atlet-fizik yo‘nalishida esa Shoxruxmirzo Ergashev g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. O‘zbekistonlik sportchilarning ustozi Baxshulla Sayfullayev esa Jahon chempionatida bodibilding ustasi yo‘nalishida 1-o‘rinni egalladi. Bungacha Sayfullayev sentyabr oyida Nepalning Katmandu shahrida o‘tkazilgan 55-Osiyo chempionatida 25 dan ortiq davlat qatnashgan musobaqada bodibilding ustasi yo‘nalishida 15 ta raqib ichida oltin medal sohibi bo‘lgandi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi tomonidan Yashnobod tumanida qurilayotgan Olimpiya shaharchasiga press-tur tashkil etildi. Xabaringiz bor, 2025 yilda Toshkent shahrida yoshlar o‘rtasida Osiyo va Para Osiyo o‘yinlari o‘tkaziladi. O‘zbekistonning barcha yetakchi OAVi qatorida QALAMPIR.UZ jamoasi ham bevosita qurilish ishlari bilan tanishdi. Press-turda bevosita Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, Paralimpiya qo‘mtiasi rahbari Muxtorxon Toshxo‘jayev, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov va boshqa bir qator rahbarlar ishtirok etdi.

Milliy Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov barcha jurnalistlarni qurilish ob’ektlari bilan tanishtirdi. Mazkur loyiha qiymati umumiy 289 million dollarga teng. Umumiy 100 gektar maydonni egallaydigan shaharcha 3 ta qismga ajratilgan. Angliyaning «Arup» muhandislik kompaniyasi tomonidan tayyorlangan loyihaga ko‘ra, qurilish hududida 10 ming o‘rinli yengil atletika va futbol stadioni, 6 ta yopiq va 7 ta ochiq sport inshooti, suv sporti saroyi, velotrek, yakkakurash, va jamoaviy sport majmualari barpo etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

sport Boks Fazliddin G'oyibnazarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing