Siyosat soyasidagi sport
Sport
−
24 yanvar 2288 6 daqiqa
Yevropaning yetakchi jamoalari AQSH Prezidenti Donald Tramp tufayli 2026 yilgi Jahon chempionatini boykot qilishga tayyor – bayonotlar allaqachon yangramoqda.
2026 yilda to‘rt yillikning eng nufuzli futbol musobaqasi, O‘zbekiston xalqining 34 yillik orzusi bo‘lmish Jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Ushbu turnir tarixda ilk bor o‘z masshtabini kengaytirib, uchta davlat mezbonligida tashkil etilmoqda. Ishtirokchi jamoalar soni ham avvalgidek 32 ta emas, balki 48 taga yetkazildi. O‘zbekiston, Iordaniya, Kabo-Verde va Kyurasao kabi mamlakatlar o‘z tarixidagi ilk mundialga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda, musobaqa mezbonlaridan biri bo‘lmish Amerika Qo‘shma Shtatlari yilni shov-shuvli voqealar bilan boshladi. Boshqa bir qit’aga mansub davlat hududidan mamlakat rahbarini olib qochgan AQSH Prezidenti Donald Tramp endi Grenlandiya hududlariga ham egalik qilish istagi bilan dunyo e’tiborini tortmoqda. Bu vaziyatlar fonida boshlanishiga olti oydan sal kamroq vaqt qolgan Jahon chempionati esa allaqachon bir qator janjallar markaziga aylanib ulgurdi. Eng shov-shuvli masalalardan biri – Yevropaning yetakchi terma jamoalari tomonidan ehtimoliy boykot e’lon qilinishi bilan bog‘liq. Keling, ularni birma-bir ko‘rib chiqamiz va O‘zbekiston ilk bor ishtirok etadigan ushbu turnirni oldindan nimalar kutayotganini taxmin qilib ko‘ramiz.
2025 yil 5 dekabr kuni AQSH poytaxti Vashingtonda joylashgan “The Kennedy Center” majmuasida mundialga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda FIFA rahbari Janni Infantino tomonidan Donald Trampga maxsus Tinchlik mukofoti burildi. Tramp esa ushbu mukofotning muhokamalari sovib ulgurmasdanoq tinchlik chegaralarini bosib o‘tdi. 2026 yilning boshida, 3 yanvar kuni tunda Venesuela poytaxti Karakas shahrida portlashlar sodir bo‘ldi. Shundan so‘ng AQSH Prezidenti Qo‘shma Shtatlar Venesuelaga keng ko‘lamli zarbalar bergani, Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa rafiqasi bilan qo‘lga olib, mamlakatdan olib ketilganini bildirdi. AQSH rasmiylari er-xotinni “narkoterrorizm”da ayblamoqda. Keyinchalik vaziyat Trampning Grenlandiyani Qo‘shma Shtatlarga qo‘shib olish haqidagi keskin bayonotlari fonida yanada keskinlashdi.
FIFA Tinchlik mukofotini Trampga qanday mezonlar asosida bergani bo‘yicha batafsil ma’lumot taqdim etmagan. Tashkilot ichidagi yuqori lavozimli amaldorlardan birining “The Guardian” nashriga ma’lum qilishicha, Trampni taqdirlash marosimi FIFA rahbariyatida jiddiy xavotir uyg‘otgan va bu holat “chuqur sharmandalik” sifatida qabul qilingan. FIFA rasmiylaridan biri 2026 yilgi Jahon chempionatini AQSHda o‘tkazish jarayoni endi “juda nozik va murakkab” bosqichga kirganini tan olgan.
Birinchi boykotlar muxlislardan boshlandi
Qo‘shma Shtatlardagi xavfsizlik bilan bog‘liq qo‘rquvlar, siyosiy beqarorlik va inson huquqlari masalasidagi xavotirlar kuchayib borayotgan bir paytda, o‘n minglab muxlislar bo‘lajak musobaqada ishtirok etishdan voz kecha boshladi. Ushbu holat FIFA’ni hatto favqulodda yig‘ilish o‘tkazishga majbur qildi. “Roya News” nashri xabariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tezkorlik bilan tarqalgan boykot chaqiriqlaridan so‘ng taxminan 16 800 nafar chipta egasi Jahon chempionatiga borish rejalarini bir kechaning o‘zida bekor qilgan.
Xususan, xorijlik muxlislar AQSH bo‘ylab sayohat qilish chog‘ida mavjud siyosiy muhit ularni noqulay ahvolga solayotgani hamda shaxsiy xavfsizlik bilan bog‘liq jiddiy xavotirlar mavjudligini qayd etishmoqda.
Ko‘pchilik uchun noroziliklarning burilish nuqtasi Minneapolis shahrida AQSH Immigratsiya xizmati (ICE) bilan bog‘liq holda sodir bo‘lgan halokatli otishma bo‘lgani aytilmoqda. Ushbu hodisa ICE xodimlari tomonidan otib o‘ldirilgan 37 yoshli, uch nafar farzandning onasi bilan bog‘liq bo‘lib, politsiya faoliyati, jamoat xavfsizligi va ehtimoliy fuqarolik tartibsizliklari yuzasidan xavotirlarni yanada kuchaytirib yubordi.
Britaniya va Germaniyada boykot masalasi jiddiy muhokamada
Trampning Grenlandiyani AQSH hududiga aylantirish istagi faqat Daniyani emas, balki boshqa Yevropa davlatlarida ham keskin norozilik uyg‘otdi. Ayrim siyosatchilar Trampga qarshi eng og‘riqli javob – 2026 yilgi Jahon chempionatini boykot qilish bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Buyuk Britaniyada Liberal-demokratlar partiyasidan deputat Lyuk Teylor Angliya va Shotlandiya terma jamoalari Jahon chempionatiga yo‘llanma olgan taqdirda ham, norozilik sifatida turnirdan voz kechish masalasini ko‘rib chiqishga chaqirdi. Konservativ partiyaning sobiq vaziri Saymon Xoar esa keskinroq bayonot berdi.
“Yevropa terma jamoalari Jahon chempionati paytida Amerika stadionlarida o‘ynashi shartmi? Boykot prezidentni o‘z uyida noqulay ahvolga solib qo‘yadi. Biz olovga olov bilan javob berishimiz kerak”, deydi sobiq vazir.
Shunga o‘xshash fikrlar Germaniyada ham yangramoqda. Bundestag a’zosi va kansler Fridrix Mersning ittifoqchisi Yurgen Xardt Trampni “Grenlandiya masalasida aqlga sig‘dirish” uchun terma jamoa boykoti kabi keskin choralarni ham istisno qilmaydi. AQSH bilan savdo mojarosiga tortilgan Fransiya va Niderlandiya ham bu masalada chetda qolmayapti. Fransuz siyosatchisi Erik Kokerel AQSHdagi turnirda mamlakat terma jamoasining ishtiroki borasida jiddiy savol qo‘ydi.
“Fransiya terma jamoasi qo‘shnilariga tahdid qilayotgan, Grenlandiyaga bostirib kirish haqida gapirayotgan va xalqaro huquqni buzayotgan mamlakatda musobaqalashishini tasavvur qila olasizmi?” degan u.
Fransiya milliy assambleyasi a’zosi Tomas Portes esa AQSHning xatti-harakatlari sabab ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatini boykot qilishga chaqirgan.
“Donald Trampning fashistik xatti-harakatlarini, jumladan, davlat rahbarini o‘g‘irlash, boshqa davlatlarga bostirib kirish bilan tahdid qilish, genotsidni qo‘llab-quvvatlash hamda Jahon chempionatida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan kamida 13 davlat fuqarolari uchun vizalarni taqiqlashni hisobga olgan holda, ommaviy boykot zarur”, deb yozdi Portes.
Shuningdek, Germaniyaning INSA instituti tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, agar Vashington Grenlandiyani harbiy yo‘l bilan egallashga qaror qilsa, germaniyaliklarning katta qismi AQSHda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatini mamlakat tomonidan boykot qilinishini qo‘llab-quvvatlaydi. So‘rovda qatnashganlarning 47 foizi AQSH orolni harbiy yo‘l bilan egallagan taqdirda Germaniya bo‘lajak turnirni boykot qilishi kerak, deb hisoblagan, 35 foizi bunga qarshi ekanini bildirgan, 18 foizi esa aniq qarorga kelmagan.
Tarixda bunday holatlar kuzatilganmi?
Sport doimo tinchlik, birdamlik va adolat ramzi sifatida ko‘rilib kelgan bo‘lsa-da, tarix shuni ko‘rsatadiki, u ko‘p bor siyosiy qarorlar va geosiyosiy qarama-qarshiliklar ta’siridan chetda qolmagan. Ayrim davrlarda siyosiy sabablar tufayli yirik sport musobaqalari ommaviy boykotlarga uchragan va bu holatlar sport tarixida muhim iz qoldirgan.
Buning eng yorqin misollaridan biri 1980 yilgi Moskva Olimpiya o‘yinlaridir. AQSH boshchiligidagi bir qator G‘arb davlatlari Sovet Ittifoqining Afg‘onistonga qo‘shin kiritishini qoralab, Olimpiadani boykot qilgan. Natijada 60 dan ortiq davlat musobaqada ishtirok etmagan. Oradan to‘rt yil o‘tib, 1984 yilgi Los-Anjeles Olimpiadasi ham xuddi shunday vaziyatga duch kelgan. Bu safar Sovet Ittifoqi va uning ittifoqchilari xavfsizlik va siyosiy sabablarni ro‘kach qilib, o‘yinlarda qatnashishdan bosh tortdi. Shunday qilib, ikki Olimpiada ketma-ket ravishda siyosiy qarama-qarshiliklar maydoniga aylandi.
Siyosatning sportga ta’siri faqat Olimpiadalar bilan cheklanib qolmagan. FIFA Jahon chempionatlari tarixida ham bunga o‘xshash holatlar kuzatilgan. Xususan, futbol vatani hisoblangan Angliya terma jamoasi dastlabki uchta Jahon chempionatida ishtirok etmagan. Bunga sabab Angliya futbol assotsiatsiyasining FIFA’ga a’zo bo‘lmagani va xalqaro futbol tashkiloti bilan kelishmovchiliklari bo‘lgan. Oqibatda dunyo futbolining asoschilaridan biri bo‘lgan mamlakat Jahon chempionati tarixining ilk sahifalarida ko‘rinish bermagan.
Bu misollar shuni ko‘rsatadiki, sport qanchalik global va ommaviy hodisa bo‘lmasin, u ko‘pincha siyosiy qarorlar ta’sirida qolib ketgan. Boykotlar, cheklovlar va ishtirokdan voz kechishlar nafaqat musobaqalarning sport qiymatiga, balki sportchilarning taqdiriga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.
Shu bois, sport tarixidagi bunday voqealar bugungi kunda ham muhim saboq bo‘lib xizmat qiladi. Ular sport va siyosat o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni, shuningdek, global sport musobaqalarining faqat sport emas, balki xalqaro munosabatlar maydoni ham ekanini yaqqol namoyon etadi. Hozircha siyosatchilar tomonidan ilgari surilayotgan boykot g‘oyalari terma jamoalar va muxlislar tomonidan qanday qabul qilinishi noma’lum. Biroq AQSH va Yevropa o‘rtasidagi qarama-qarshilik kuchayishda davom etsa, yetakchi jamoalarning turnirdan voz kechishi real ssenariyga aylanishi mumkin.