Boks jamoasi bosh murabbiyi Olimpiadada yurak xurujiga uchradi (video)
Sport
−
11 avgust
63003O‘zbekiston boks jamoasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev Parijdagi “Roland Garros” arenasida Hasanboy Do‘smatovning Olimpiada chempionligi nishonlanganidan so‘ng yurak xurujiga uchradi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rio–2016 Olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘smatov oltin medal uchun 51 kilogramm vazn toifasida hal qiluvchi bahsda mezbon bokschi Bennama Bilolga qarshi ringga ko‘tarilgan. Yakunda Do‘smatov g‘alaba qozonib, ikki karra Olimpiada chempioniga aylangan. G‘alabani ko‘rgan vaqtda murabbiy To‘lqin Qilichevning sog‘ligi yomonlashib, yurak xurujiga uchragan.
Murabbiyning atrofida bo‘lgan Buyuk Britaniya shifokorlari unga birlamchi tezkor tibbiy xizmat ko‘rsatgan. Biroq, 2-3 daqiqada ham murabbiy o‘ziga kelmagan. Shifokor Harj Singx va fiziolog Robbi Lillis Qilichevning hayotini saqlab qolgan. So‘ng murabbiy shifoxonaga yuborilgan.
“O‘zbekistonning murabbiylar jamoasi kiyinish xonasiga qaytib keldi va ularning hammasi bayram qildi, Do‘smatovning g‘alabasini nishonladi. Keyin esa birdan o‘sha hududdan umuman bayram kayfiyatiga aloqador bo‘lmagan baqiriqlar eshitildi. Doktor, doktor kerak, degan ovoz eshitildi. Harj javob bergan birinchi odam edi va men o‘zimiz bilan olib yuradigan favqulodda travma sumkasi bilan unga ergashdim. Harjdan 30 soniya o‘tib kelganimda, u allaqachon murabbiyda yurak massajini bajarishni boshlagan edi. Dastlab u o‘ziga kelmadi, lekin 20-30 soniyadan so‘ng, Harj yurak massajini davom ettirgandan so‘ng, u birdan hushiga keldi”, degan fiziolog Robbi Lillis.
Lillisning qayd etishicha, shifokor voqeadan keyin murabbiydan xavotir olib kechqurun umuman uxlamagan.
“Men kimningdir omon qolishiga hissa qo‘shganimdan minnatdorman”, degan shifokor.
O‘zbekiston boks federatsiyasining ma’lum qilishicha, To‘lqin Qilichevning sog‘lig‘i mo‘’tadil, o‘zini yaxshi his qilmoqda.
“Kuni kecha terma jamoamiz bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev sog‘ligida biroz muammolar kuzatilgan hamda sportchilar kiyinish xonasida tashkiliy qo‘mita shifokorlari tomonidan murabbiyimizga zudlik bilan birinchi yordam ko‘rsatilgan. Hozirgi kunda murabbiyimizning sog‘ligi mo‘tadil, o‘zini yaxshi his qilmoqda. Biroz muolajalar olishi talab etiladi”, deyilgan xabarda.