Xatolarim bor edi, men buni ochiqchasiga tan oldim – hibsdagi Atamboyev xalqqa murojaat yo‘lladi
Olam
−
13 noyabr 2019
16903Qirg‘iziston sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev mamlakatdagi vaziyat va 7-8 avgust kunlari Qo‘y-Tosh qishlog‘ida sodir bo‘lgan voqealar haqida xalqqa ochiq murojaat bilan chiqdi.
“Aziz vatandoshlar! 2019 yil 7 avgust kuni uyimga MXDQ (Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi) maxsus kuchlarining noqonuniy qurolli hujumi va Qirg‘iziston sobiq Prezidenti bilan an’anaviy uchrashuvga yig‘ilgan tinch aholining o‘qqa tutilganiga uch oy bo‘ldi.
G‘azablangan mahalliy aholi va otishma haqida OAVdan xabar topgan boshqa fuqarolar MXDQ hamda IIVning noqonuniy xatti-harakatlari tufayli mening uyim va unga yaqin atrofda to‘plandi. Odamlarning g‘azabiga qaramay, xavfsizlik kuchlari o‘zlarining noqonuniy harakatlarini davom ettirdi va natijada to‘qnashuvlar yuz berdi. Ko‘plab odamlar jarohat oldi, bir kishi halok bo‘ldi.
Usonbek Niyozbekovning vafoti munosabati bilan oilasiga yana bir bor hamdardlik bildiraman. Yo‘qotishni hech nima bilan qoplab bo‘lmaydi. Umid qilamanki, adolat g‘alaba qilgandan keyin uning oilasiga yordam ko‘rsatish imkoniyatim bo‘ladi”, deydi Atamboyev.
Sobiq Prezidentning ta’kidlashicha, hokimiyatning bunday harakatlari mamlakat manfaatlariga zid keladi. Bu shaxsan Prezident Sooronbay Jeenbekovning tashabbusi ekani hamda faqat bitta maqsadni ko‘zlashi aytiladi - sobiq Prezident Almazbek Atamboyevning obro‘sini to‘kish, uni ruhan yo‘q qilish.
“Men prezident sifatida halol ishladim va sizning yordamingiz bilan biz Qirg‘izistonni rivojlantirish, milliy ruhni ko‘tarish uchun ko‘p ishlarni amalga oshirdik. Xatolarim bor edi, men buni ochiqchasiga tan oldim va Qirg‘iziston xalqidan uzr so‘radim. Ba’zi do‘stlarim va yordamchilarimga juda ishongandim, xavfsizlik kuchlariga qattiq tayanib yubordim. Ammo men Qirg‘iziston xalqi manfaati, mamlakat nomi va xalqi uchun vijdonan ishladim.
Bugungi hukumat siyosatchilarni qo‘rqitdi va fuqarolarga ob’ektiv hamda xolis ma’lumot olish imkonini yopib qo‘ydi. Bunday vaziyatda ko‘pchilik, A.Soljenitsinning so‘zlari bilan aytganda, “yolg‘onni mavjudlik shakli kabi” va “sotqinlikni mavjudlik shakli sifatida” tanladilar.
Biroq, faqat qo‘rquv va xiyonat, razolat va yolg‘onga asoslangan hokimiyat hech qachon mustahkam bo‘lmaydi. Vaqt hamma narsani o‘z o‘rniga qo‘yishiga ishonaman. Erkinlikni sevuvchi Qirg‘iziston xalqi mag‘rurlik va injiqlik qayerda-yu, prinsiplar qayerda ekanini o‘zi aniqlab oladi. Kimlar poraxo‘r amaldorlar va oilaviy klanlarning manfaatlarini ko‘zlab ishlagani, kimlar esa Qirg‘iziston Respublikasining milliy manfaatlarini o‘ylagani hali oshkor bo‘ladi. Kim haqiqatan ham xalq birligini mustahkamlash uchun ishlagani, kimlar esa faqat quruq so‘z bilan cheklangani fosh bo‘ladi. Vaqt hamma narsani o‘z o‘rniga qo‘yib qo‘yadi!” deb yozadi Atamboyev.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 oktyabr kuni Almazbek Atamboyevni hibsda saqlash muddati yana 2 oyga uzaytirilgandi. Sudning tegishli majlisi sobiq Prezidentning ishtirokisiz o‘tgandi.
LiveBarchasi