Boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida nimalar ro‘y berdi? (fotogalereya)
Sport
−
15 dekabr 2021
13775Kecha, 14 dekabr kuni boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘z yakuniga yetdi.
Bu yilgi O‘zbekiston chempionatida ilk bor erkaklar o‘rtasida 13, qizlar o‘rtasida 11 ta vazn toifasida janglar tashkil etildi.
Asilbek Jalilov (48 kg), Mironshox Ibragimov (51 kg), Dilshod Abduvaliyev (54 kg), Shunqor Abdurasulov (57 kg), Xurshidbek Rasuljonov (60 kg), Ruslan Abdullayev (63,5 kg), Javlon Yo‘ldoshev (67 kg), Azizbek Tojiyev (71 kg), Saidjamshid Jafarov (75 kg), Odiljon Aslonov (80 kg), Timur Mirjanov (86 kg), Jamshid Abdullayev (92 kg) va Jahongir Zokirov (+92 kg) o‘z vazn toifalarida mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi.
63,5 kg vazn toifasi chempionligi uchun o‘tkazilgan bellashuvda Jahon chempionatida ishtirok etgan Mujibillo Tursunov va Toshkent viloyati vakili Ruslan Abdullayev o‘zaro bahs olib bordi. Andijonlik Tursunov favorit sifatida qaralayotgan bo‘lsa-da, yakunda ajoyib jang ko‘rsatgan Abdullayev g‘alaba qozondi. U musobaqaning eng yaxshi bokschisiga topshiriladigan “Rufat Risqiyev” kubogini ham qo‘lga kiritdi.
Qizlar o‘rtasida esa ushbu mukofot o‘zbekistonlik bokschilar o‘rtasida ilk Jahon chempioni Nigina O‘ktamovaga (57 kg) nasib etdi.
Turnir sensatsiyasi esa 71 kg vazn toifasida kuzatildi. Osiyo chempioni, Jahon chempionati sorindori va Tokio Olimpiadasi ishtirokchisi Bobousmon Boturov kutilmaganda Azizbek Tojiyevga imkoniyatni boy berdi. Jangning 2-raundida Tojiyev hatto raqibini nokdaun holatiga tushirishga ham ulgurdi.
Osiyo chempioni Saidjamshid Ja’farov (75 kg) uchun esa final bahsida u qadar qiyinchilikka duch kelmadi. 2-raundda uning raqibi andijonlik Abdulaziz Abdupattoyev jarohati sabab jangni davom ettira olmadi va ochkolar hisobida oldinda borayotgan Ja’farov ketma-ket ikkinchi marta O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. Qiziq tomoni, 2020 yilgi musobaqa finalida ham 1-raunddan so‘ng, uning raqibi va jamoadoshi Odiljon Aslonov jarohat olib, bellashuvni davom ettira olmagan edi.
Musobaqaning eng markaziy jangi, shubhasiz, 80 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Odiljon Aslonov va Dilshod Ro‘zmetov o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Shiddatli kechgan bahs yakunida Aslonov g‘alabani ilib ketdi.
Superog‘ir vaznda o‘tkazilgan bellashuvlarda esa 18 yoshli Jahongir Zokirov o‘zidan ancha tajribali bokschilarni mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Jizzaxlik charm qo‘lqop ustasi finalda finalda Xorazm vakili Jamshid Xudoyberganov ustidan ishonchli tarzda g‘alaba qozondi.
Qizlar o‘rtasida Farzona Fozilova (48 kg), Sabina Boboqulova (50 kg), Tursunoy Rahimova (52 kg), Nigina O‘ktamova (54 kg), Sitora Turdibekova (57 kg), Rayxona Qodirova (60 kg), Mohinabonu Abdullayeva (63 kg), Hadichabonu Abdullayeva (67 kg), Navbahor Hamidova (70 kg), Mavluda Mavlonova (75 kg) va Sohiba Ro‘zmetova (81 kg) o‘z vazn toifalarida 2021 yilgi O‘zbekiston chempionati g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
Eng shov-shuli natija 50 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan bokschilar ishtirokida kuzatildi. Buxorolik Sabina Boboqulova murosasiz kechgan bahsda hakamlar qaroriga ko‘ra o‘tgan yilgi chempion andijonlik Aziza Yoqubovani mag‘lubiyatga uchratdi. Yoqubova 3-raundda raqibasini nokdaun holatiga tushirishga ham ulgurgan edi.
Qayd etish joiz, AIBA’ning tajribali instruktorlari Endryu Koulfild (Buyuk Britaniya) va Igor Biletskiy (Ukraina) O‘zbekiston chempionati davomida hakamlarni baholovchi (Evaluator) sifatida faoliyat yuritishdi. Ya’ni, ushbu ikki mutaxassis O‘zbekiston chempionatida hakamlarning harakatlarini nazorat qilib bordi.
Shuningdek, boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida ilk marotaba 8 nafar xorijlik hakamlar ham faoliyat yuritdi. Final janglarining deyarli barchasi shiddatli o‘tdi. 54 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan buxorolik Shaxzod Muzaffarov va Toshkent viloyati vakili Dilshod Abduvaliyev ishtirokidagi bellashuvda g‘oliblik hakamlar qaroriga ko‘ra Abduvaliyevga berildi. Aynan shu jangga nisbatan ko‘pchilik mutaxassislar e’tiroz bildirdi. Biroq, referilar turnirni yuqori saviyada o‘tkazishdi.
Turnirning eng yaxshi hakami sifatida Nurxon Asatullayeva e’tirof etildi.
Ma’lumot uchun, musobaqada 350 nafar bokschi (erkaklar 286, qizlar 64) g‘oliblik uchun ringga ko‘tarildi.