Boks bilan abadiyga xayrlashaman – Tayson Fyuri

Sport

image

Boks bo‘yicha, super og‘ir vazn toifasida WBC yo‘nalishi chempioni Tayson Fyuri Dillian Uayt bilan jangdan so‘ng boks bilan abadiyga xayrlashmoqchi. U bu haqda Uaytga qarshi jangdan oldin o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan.

“Uayt bilan jangdan keyin faoliyatimni yakunlashni xohlaymanmi? Ha, Uayt va men haqiqiy shou ko‘rsatamiz. Men juda yaxshi jang qilishni xohlayman. Shundan keyin ketaman. Men Dillian Uayt ustidan g‘alaba qozonaman. Muxlislar buni xohlagani uchun emas, balki o‘zim xohlaganim uchun ketaman. 20 yildan beri boks bilan shug‘ullanaman. Mashhur odam bo‘lishni xohlamayman demayapman, lekin kino yulduzlari kabi bo‘lishni istamayman. Yolg‘iz qolishni va barcha ijtimoiy tarmoqlarni o‘chirishni xohlayman. Bu yerga faqat bitta jang uchun keldim. Men ketaman va abadiy boks bilan xayrlashaman”, degan Fyuri.

Tayson Fyuri 2015 yilning 28 noyabrida Vladimir Klichkoni mag‘lub etib, boks ommasiga o‘zini tanishtirgandi. Ammo shundan so‘ng, Tayson Klichko bilan revanshga tayyorlanish o‘rniga ichkilik va narkotikka mukkasidan ketdi. O‘sha paytlarda Fyurining vazni 180 kilogramgacha yetgan. Shundan kelib chiqib Taysonning gaplari shunchaki piar uchun emas, jiddiy aytilgan so‘zlar bo‘lib chiqishi mumkin. Agar Tayson faoliyatini tugatmasa, Entoni Joshua va Aleksandr Usik kabi bokschilar bilan jang qilib, yanada boyib olishi ehtimoli katta.

Ma’lumot o‘rnida, Tayson va Uayt o‘rtasidagi jang joriy yilning 23 aprelidan 24 apreliga o‘tar kechasi Londondagi “Uembli” stadionida bo‘lib o‘tadi.

Ma’ruf Abdumalikov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Boks Tayson Fyuri

Baholaganlar

105

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing