Bog‘chali BMTni Raisiyning o‘limi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi
Olam
−
22 may
5149Turkiyaning “Millatchi Harakat” partiyasi raisi Davlat Bog‘chali Birlashgan Millatlar Tashkilotini zudlik bilan Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyning o‘limi holatlarini tekshirish uchun komissiya yig‘ishga chaqirdi.
“Atrofimizda sodir bo‘layotgan voqealar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Vertolyotning qulashi oqibatida Eron Prezidenti va bortdagilar halok bo‘ldi. Bu baxtsiz hodisami yoki sabotajmi, bilmayman, lekin mintaqa tinchligi uchun imkon qadar tezroq haqiqat oshkor etilishi shart”, deydi Bog‘chali.
Uning qayd etishicha, bu voqeada Isroilning rolini, shuningdek, AQSH bilan aloqasini aniqlashtirish kerak.
“BMT zudlik bilan tashabbus ko‘rsatishi va tergov o‘tkazish uchun mustaqil xalqaro komissiya chaqirishi kerak”, deydi u parlamentdagi nutqida.
Shuningdek, u falokat va mintaqada muloqot imkoniyatlarini kengaytirish o‘rtasida bog‘liqlik bor-yo‘qligiga aniqlik kiritish zarurligini urg‘uladi. Chunki bu hodisa bu holatga putur yetkazishi mumkin. Bundan tashqari, u Turkiyada ham shunga o‘xshash fojialarni boshdan kechirish ehtimoli borligini qo‘shimcha qildi va shuning uchun u hushyorlikni, tayyorgarlikni va ehtiyotkorlikni oshirishga chaqirdi.
Ma’lumot uchun, Turkiyada katta obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan siyosatchi Davlat Bog‘chali va uning rahbarligidagi “Millatchi Harakat” partiyasi amaldagi davlat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy ittifoqdoshi sanaladi. Erdo‘g‘an o‘tgan yil bo‘lib o‘tgan prezident saylovida aynan Bog‘chalining qo‘llovi bilan muvaffaqiyat qozondi.
Raisiyning vafoti
Joriy yilning 19 may kuni Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatida Eron Prezidenti o‘tirgan vertolyot halokatga uchradi. Unda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati hokimi Malik Rahmati va Tabriz shahrining imomi Muhammad Ali Ale Hoshem ham bo‘lgan. Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pir Husayn Kolivandning aytishicha, halokatda vertolyotning barcha yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari halok bo‘lgan. Eron vitse-prezidenti Mohsin Mansuriy prezident va unga hamrohlik qilayotganlarning o‘limi haqidagi xabarlarni tasdiqladi.
Eronning amaldagi vitse-prezidenti Muhammad Moxber vaqtinchalik Eron Prezidenti bo‘lishi ma’lum qilingandi. Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Bageri Kani esa sobiq tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon vafotidan keyin vaqtinchalik tashqi ishlar vaziri vazifani bajaruvchi etib tayinlandi. Mamlakat parlamenti Ichki ishlar qo‘mitasi raisi Muhammad Solih Jokar Eronda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari kelasi 50 kun ichida bo‘lib o‘tishi kerakligini aytdi. Respublika saylov shtabining matbuot kotibi Muhsin Islomiy Eronda muddatidan oldin prezidentlik saylovlari 28 iyun kuni bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Prezident Ibrohim Raisiy va uning hamrohlari vertolyot halokatida vafot etgani munosabati bilan 5 kunlik motam e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, 21 may kuni Tabriz shahrida Ibrohim Raisiy va unga hamrohlik qilgan rasmiylar bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tgandi. 22 may kuni Eron poytaxti Tehron shahrida Prezident Ibrohim Raisiy bilan vidolashuv marosimida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etishi ma’lum qilindi.
LiveBarchasi