Bog‘chalarda bolalarning ommaviy zaharlanishi ortidan jinoyat ishi ochildi
3-sahifa
−
25 Sentabr 8192 2 daqiqa
Avvalroq, Toshkent viloyatining Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar ommaviy zaharlangani haqida xabar berilgandi. Bolalar zaharlangan hududlar qatoriga Quyi Chirchiq tumani ham qo‘shildi va mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Aniqlanishicha, kecha, 24 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka va Quyi Chirchiq tumanlaridagi davlat maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari tuman tibbiyot birlashmalariga sog‘lig‘idagi qator shikoyatlar (tana haroratining ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi va ich ketishi) bilan murojaat qilgan.
Dastlabki tibbiy ko‘riklar xulosasi asosida bemor bolalarga zaruriy muolajalar amalga oshirilgan hamda shu kunning o‘zida aksariyat bolalarning sog‘lig‘i yaxshilangani tufayli uylariga javob berilgan, og‘ir ahvoldagi bemorlar aniqlanmagan.
Bildirilishicha, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi viloyat boshqarmasi hamda Piskent, Bo‘ka va Oqqo‘rg‘on tuman bo‘limlari mutaxassislari tomonidan DMT muassasalarining oshxonalari ko‘zdan kechirilib, bolalar sutkalik iste’mol qilgan taomlardan olingan namunalar laboratoriyalarda tegishli tartibda tekshirilmoqda.
Bolalarning ommaviy zaharlanishi bilan bog‘liq har qanday vaziyat mutasaddi idoralarning alohida nazoratida o‘rganiladi.
Bugun, 25 sentyabr kuni ushbu holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda. Bolalar ombudsmani bola manfaatlari nuqtai nazaridan holat bo‘yicha o‘z kuzatuvini davom ettiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dastlabki taxminlar asosida bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgani aytilgan edi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga shu kuni olib kelingan 3,2 foizli kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr