Bekmurodov O‘zbekistonga Ukraina taqdirini eslatgan rossiyalik senatorga javob qaytardi
Jamiyat
−
27 Sentabr
48577
Avvalroq, Rossiya parlamenti yuqori palatasi – Federatsiya kengashining xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Andrey Klimov Ukrainaga shama qilib, O‘zbekistonga uning taqdirini eslatgandi. “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov rossiyalik senatorning bu shamasiga javob qaytardi.
Deputat O‘zbekiston va Rossiya – mustahkam ittifoqchilik munosabatlari bilan bog‘langan ikki katta davlat ekanini, ichki masalalar, ayniqsa, maishiy holatlar ikki davlat o‘rtasidagi katta diplomatik darajaga olib chiqishning o‘zi xato ekanini ta’kidlagan.
“O‘zbekistonda hukumat va fuqarolik jamiyati har qanday zo‘ravonlik holatlariga tezkor munosabat qiladi. Bunday holatlarda biz xorijiy maslahatchilarga muhtoj emasmiz.
P.s.: Klimov Andrey, kompas olib, shamalaringiz bilan to‘rt tomonga yo‘l olishingiz mumkin”, deb yozadi Bekmurodov.
O‘zi nima bo‘lgan edi?
Joriy yilning 23 sentyabr kuni Chilonzor tumanidagi 188-sonli umumta’lim maktabida 6-sinfda rus tili fani darsida o‘qituvchi R.O.ga o‘quvchi E.G. gap qaytargan va tortishib qolgan.
So‘ngra o‘qituvchi R.O. o‘quvchi E.G.ni qulog‘idan cho‘zgan, o‘tirgan joyidan tortib olib chiqqan va o‘quvchining yuziga tarsaki tushirgan. Mazkur voqea videosi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Xususan, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova O‘zbekistonda yuz bergan hodisaga huquqiy baho berishni va bolaga nisbatan shafqatsizlik qilgan aybdorga qarshi choralar ko‘rishni so‘rab, mazkur masalani diqqat-e’tibor markazida tutishini bildirdi.
Rossiyaning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, chet eldagi vatandoshlar va xalqaro gumanitar hamkorlik bo‘yicha federal agentligi (Rossotrudnichestvo) esa rasmiylardan Toshkentdagi maktabda o‘quvchini urgan o‘qituvchining Rossiya Federatsiyasiga kirishini taqiqlash imkoniyatini ko‘rib chiqishni so‘radi.
Shundan so‘ng, bir qator o‘zbekistonlik rasmiylar, xususan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirov, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanovlar Mariya Zaxarovaning talabiga munosabat bildirib, O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashmaslikni, uni mamlakatning o‘zi o‘z qonunlari doirasida hal qilishini aytdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo esa Mariya Zaxarova bu gaplari uchun O‘zbekistondan kechirim so‘rashini, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bunday hurmatsizlik uchun tushuntirish berishini talab qildi.
Bunga javoban, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonning Moskvadagi elchisi Botirjon Asadovga umumiy fuqarolik va diplomatik odob-axloq qoidalariga rioya qilishga qaratilgan taqdimnoma kiritdi.
Kecha, 26 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi. Suhbat davomida davlatlar bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilishi muhimligi ta’kidlandi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr