BMW Mercedes’ni sindirmoqchi. Kompaniya yangi “Gelik” ishlab chiqaradi
Olam
−
17:55 1480 2 daqiqa
BMW ilk bor haqiqiy ramali yo‘ltanlamas ishlab chiqishga kirishdi. Germaniya matbuoti qo‘lga kiritgan patent hujjatlariga ko‘ra, yangi model afsonaviy Mercedes G-Class – Gelendvagenga raqobatchi bo‘lishi mumkin va u elektr quvvatida harakatlanuvchi brutal yo‘ltanlamas sifatida taqdim etilishi kutilmoqda. Bu haqda Germaniyaning “Auto Bild” nashri xabar berdi.
Premium nemis avtomobillari olamida katta raqobat boshlanishi mumkin. Aftidan, Bavariyaning BMW konserni Mercedes-Benz’ning afsonaviy G-Class modeli orqali lyuks toifasidagi “kubik” yo‘ltanlamaslar bozorida uzoq yillar davomida yetakchilik qilib kelayotganiga jim qarab turishdan charchagan.
Germaniyaning “Auto Bild” nashri ixtiyoriga BMW’ning yangi patent arizasiga oid maxfiy chizmalar kelib tushgan. DE 10 2024 130 768.4 raqamli hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, kompaniya haqiqiy ramali yo‘ltanlamas ustida ishlamoqda. Bu brend muxlislari uchun katta o‘zgarish hisoblanadi. Chunki shu paytgacha markaning barcha krossoverlari – kichik X1 dan tortib yirik X7 gacha faqat yuk ko‘taruvchi kuzovli yengil avtomobil konstruksiyasiga ega edi.
Yo‘ltanlamas texnologiyalari: transformer rama va karbon
BMW muhandislari an’anaviy usuldan voz kechib, modulli zinasimon ramani ishlab chiqqan. Patentning asosiy jihatlaridan biri Transformer-rama bo‘lib, ko‘ndalang va diagonal birikmalar bir xil qilib ishlangan. Shu sabab konstruksiyani oson uzaytirish, qisqartirish yoki kengaytirish mumkin. Bu BMW’ga bir platforma asosida turli o‘lchamdagi avtomobillar chiqarish imkonini beradi. Masalan, uch eshikli Wrangler uslubidagi model yoki besh metrli katta ekspeditsiya avtomobili yaratilishi mumkin. Mercedes G-Class esa bunday moslashuvchanlikka ega emas.
Shu bilan birga, kompaniya og‘ir po‘lat o‘rniga alyuminiy va yuqori mustahkam ugleplastik – karbon qo‘llashni rejalashtirgan. Bu avtomobilni yengil va birga mustahkam qiladi. Bundan tashqari, hujjatlarda ramaning ichiga og‘ir akkumulyatorlar va elektr motorlarini joylashtirish tafsilotlari keltirilgan. Benzin yoki dizel dvigatellari haqida deyarli ma’lumot yo‘q. Shu sababli yangi model to‘liq elektr quvvatida harakatlanuvchi yirik yo‘ltanlamas bo‘lishi mumkin. Hatto har bir g‘ildirak uchun alohida motor qo‘llanishi ehtimoli bor.
Insayderlar ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya ichida ushbu loyiha G74 Rugged deb nomlangan. Bu so‘zni taxminan “mustahkam” yoki “brutal” deb tarjima qilish mumkin. Modelning to‘liq taqdimoti o‘n yillik oxiriga – taxminan 2029 yilga mo‘ljallangan. Ishlab chiqarish AQSHning Spartanburg shahridagi BMW zavodida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Hozir u yerda barcha yuqori toifadagi X seriyasi avtomobillari yig‘iladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq premium-klassdagi avtomobillarni yig‘ishga ixtisoslashgan Germaniyaning eng yirik avtokonsernlaridan biri Mercedes-Benz harbiy texnikalar ishlab chiqarishni boshlashi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi