Mercedes ham harbiy texnikalar ishlab chiqarmoqchi
Olam
−
16 may 1649 2 daqiqa
Premium-klassdagi avtomobillarni yig‘ishga ixtisoslashgan Germaniyaning eng yirik avtokonsernlaridan biri Mercedes-Benz harbiy texnikalar ishlab chiqarishni boshlashi mumkin. Bu haqda guruh bosh ijrochi direktori (CEO) Ola Kellenius “The Wall Street Journal” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Mening fikrimcha, Yevropa o‘z mudofaa salohiyatini oshirishi zarur. Agar bizda bu borada ijobiy rol o‘ynash imkoniyati bo‘lsa, biz bunga tayyormiz”, deydi u.
Bundan avvalroq Volkswagen rahbari Oliver Blyum ham umumevropa qurollanish dasturi doirasida Germaniya armiyasi ehtiyojlari uchun harbiy texnika ishlab chiqarishni boshlashga tayyorligini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Mercedes 2021 yildan beri og‘ir yuk mashinalari, jumladan, harbiy maqsadlarda qo‘llaniladigan texnikalarni ishlab chiqarmoqda. Shuningdek, konsern anchadan buyon dunyo bo‘ylab o‘z G-Klass (Gelendvagen) yo‘ltanlamaslarining harbiy modifikatsiyalarini taklif qilib keladi. Kelleniusning prognoz qilishicha, mudofaa bilan bog‘liq faoliyat yengil va kichik tonnajli yuk avtomobillari ishlab chiqarishga nisbatan “biznesning uncha katta bo‘lmagan ulushini” tashkil etadi.
“Shunday bo‘lsa-da bu rivojlanayotgan nishaga aylanishi va moliyaviy natijalarimizga o‘z hissasini qo‘shishi mumkin. Shu bois, vaziyatni kuzatamiz”, deydi u.
WSJ nashrining qayd etishicha, kompaniya boshqa g‘arb avtomobil ishlab chiqaruvchilari kabi jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. 2025 yilda konsern foydasi qariyb ikki barobarga ($1,2 milliardga) kamaydi. Bunga qisman AQSHdagi bojxona to‘lovlarining oshishi hamda Xitoy kompaniyalari tomonidan kuchayib borayotgan raqobat sabab bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning qimmatbaho avtomobillar ishlab chiqaruvchisi Porsche Germaniya avtomobil sanoatining muammolari va mamlakat hukumati tomonidan mudofaa xarajatlarini oshirish rejasi fonida tanklar va qurollar ishlab chiqarishni boshlashi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi