BMTda O‘zbekiston tashabbusi bilan yana bir rezolyutsiya qabul qilindi

Jamiyat

image

BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan o‘rmonzorlash va o‘rmon tiklash dekadasi haqidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, BMT Bosh Assambleyasi Nyu-York shahrida O‘zbekiston Respublikasi tashabbusi bilan “Barqaror o‘rmon xo‘jaligi asosida o‘rmonzorlashtirish va o‘rmon tiklash bo‘yicha harakatlar dekadasi” nomli rezolyutsiyani qabul qilgan. Rezolyutsiya hammualliflari 80 dan ortiq davlat bo‘lib, ular dunyoning barcha mintaqalarini, jumladan Markaziy Osiyo davlatlarini, Ozarbayjon, Rossiya, Braziliya, Avstriya, Germaniya, Finlyandiya, Portugaliya, Hindiston, Eron, Pokiston, BAA, Qatar, Bahraynni o‘z ichiga oladi.

“Ushbu hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining asosiy tashabbuslari, jumladan “Atrof-muhitni muhofaza qilish va ’yashil’ iqtisodiyot yili” dasturi, “Yashil makon” milliy loyihasi va “Markaziy Osiyo Yashil kamar” daraxt ekish aksiyasi asosida yaratilgan”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, rezolyutsiya 2027-2036 yillarni “O‘rmonzorlashtirish va o‘rmon tiklash harakatlar dekadasi” deb e’lon qiladi, kuch va resurslarni mobilizatsiya qilishga chaqiradi, shuningdek, davlatlar va tashkilotlarni tegishli chora-tadbirlarni kuchaytirishga tavsiya etadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili avgust oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi bir ovozdan “Degradatsiyaga uchragan va qurg‘oq hududlarda barqaror o‘rmonzorlarni barpo etish, daraxt ekish va ularni targ‘ib qilish – ekologik muammolarga qarshi kurashning samarali yechimi” rezolyutsiyasini qabul qilgandi.  


Maqola muallifi

Teglar

o'rmon xo'jaligi rezolyutsiya BMT Bosh Assambleyasi o'rmonzorlashtirish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing