BMTda islohotlar o‘tkazilishi kerak – Erdo‘g‘an
Olam
−
10 dekabr 2023
5096Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an shanba kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashini isloh qilishga chaqirib, Qo‘shma Shtatlar G‘azo bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklifga boshqa davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlansa-da veto qo‘yishi mumkinligini qoraladi.
U Istanbulda 10 dekabr – Butunjahon inson huquqlari kuniga bag‘ishlangan forumda nutq so‘zlar ekan, tadbir ishtirokchilarini tabriklash bilan bir qatorda BMTni isloh qilish zarurligini ma’lum qildi.
"Afsuski, Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolaridan biri – Qo‘shma Shtatlar tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyasi rad etildi. Biz adolatli dunyo qurishni aytamiz, ammo AQSH bilan buning iloji yo‘q", deydi Turkiya rahbari.
Shuningdek, Erdo‘g‘an 7 oktyabrdan beri BMT Xavfsizlik Kengashi Isroilni himoya qiladigan kengashga aylanganini bildirgan.
U dunyoning ko‘p joylarida inson huquqlari oyoq osti qilinayotgan bir paytda 10 dekabr – Butunjahon inson huquqlari kuni nishonlanayotgani erish tuyulishini aytib o‘tdi.
"G‘arb jamiyatlarini zaharli pechak kabi o‘rab olgan islomofobiya va ksenofobiya inson huquqlariga tahdidlarning boshi bo‘lib turibdi. Irqchilik, kamsitish va fashistik amaliyotlardan eng ko‘p qurbon bo‘lgan guruh, shubhasiz, muhojirlarning aksariyat qismini tashkil etuvchi musulmonlardir. Terrorizm va ekstremizm tushunchalari niqobida Islomga hujum qilish, musulmonlarni haqorat qilish, begunohlarni o‘ldirish odatiy holga aylandi”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti BMT o‘z xodimlarini ham Isroil vahshiyligidan himoya qila olmayotgani haqida gapirgan edi.