BMT jurnalistni harbiylar otib o‘ldirganini tasdiqladi

Olam

image

Falastinlik jurnalist Shirin Abu Akile isroillik askarlarning o‘qidan halok bo‘lgani tasdiqlandi. Bu haqda Jenevada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi matbuot kotibi Ravina Shamdasani ma’lum qildi. 

Jurnalistning qurolli falastinliklar tomonidan o‘qqa tutilishi oqibatida halok bo‘lgani haqidagi Isroil iddaolariga izoh berar ekan, Shamdasani BMT vakillari mustaqil tekshiruv o‘tkazganini qayd etdi. 

“Biz ko‘rib chiqqan barcha ma’lumotlar, jumladan Isroil armiyasi va Falastin Bosh prokuraturasining rasmiy ma’lumotlari Abu Akile va uning do‘sti Ali Sumudiyga qarata otilgan o‘qlar Isroil xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘llanilganini tasdiqlaydi”, deydi u. 

Shamdasani “bo‘lib o‘tgan voqealarga qurollangan falastinliklarning aloqadorligi haqida hech qanday dalil yo‘q”,  deb qo‘shimcha qilgan. 

Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi matbuot kotibining eslatishicha, Abu Akile G‘arbiy Sohildagi Jenin shahridagi qochqinlar lageriga isroilliklar uyushtirgan bosqinni yoritish chog‘ida halok bo‘lgan. 

“Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil harbiylari jurnalistni o‘q uzishlari haqida ogohlantirmagan”, deydi Shamdasani. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet Tel-Avivdan voqeani tergov qilishni talab qilishda davom etmoqda. 

“Aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerak”, deydi Shamdasani.

Eslatib o‘tamiz, Qatarning “Al-Jazeera” telekanali jurnalisti Shirin Abu Akle Falastinda, Iordan daryosining G‘arbiy sohilidagi otishmada halok bo‘ldi. Telekanalga ko‘ra, 51 yoshli jurnalist 11 may kuni ertalab otishma sodir bo‘lgan Jenin shahridagi falastinlik qochqinlar lageriga isroillik harbiylarning bosqinini yoritgan. To‘qnashuv vaqtida “Press” yozuvi tushirilgan o‘q o‘tkazmaydigan jilet kiygan Abu Aklening boshiga o‘q uzilgan. Jurnalist shifoxonaga olib ketilgan, biroq uni qutqarib qolishning imkoni bo‘lmagan. U bilan birga “Al-Quds” muxbiri Ali Samodiy ham yaralangan. 


Maqola muallifi

Teglar

BMT Shirin Abu Akile

Baholaganlar

153

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing