BMT ukrainaliklarga 5,6 milliard dollar gumanitar yordam so‘ramoqda

Olam

image

BMT va uning hamkorlari xalqaro hamjamiyatni 2023 yilda mojarodan jabr ko‘rgan ukrainaliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun 5,6 milliard dollar ajratishga chaqirdi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, ushbu mablag‘ning 3,9 milliardi mamlakatda qolgan 11 million muhtoj ukrainalikni oziq-ovqat, tibbiy va moliyaviy yordam bilan ta’minlashga sarflanadi. 

Yana 1,7 milliard ukrainalik qochqinlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Bu mablag‘lar 10 ta davlatga yuboriladi, ularning hududida hozirda Ukrainadan 4 milliondan ortiq muhojirlar yashaydi. Bular Bolgariya, Chexiya, Ruminiya, Moldova, Vengriya, Estoniya, Latviya, Litva, Polsha va Slovakiya. 

BMT bugungi kunda Ukraina aholisining qariyb 40 foizi insonparvarlik yordami va himoyasiga muhtojligini, qo‘shni davlatlarga ukrainalik qochqinlar oqimi Yevropada misli ko‘rilmagan gumanitar inqirozni keltirib chiqarganini eslatdi. 

“Deyarli bir yil o‘tgan bo‘lsa ham, urush har kuni misli ko‘rilmagan miqyosda o‘lim, vayronagarchilik va ko‘chishlarga sabab bo‘lmoqda. Biz yordam eng qiyin aholi punktlariga, jumladan, front chizig‘iga yaqin bo‘lgan aholi punktlariga yetib borishi uchun hamma narsani qilishimiz kerak. Ukraina xalqining azob-uqubatlari tugamaydi – ukrainaliklar hali ham xalqaro yordamga muhtoj”, deydi BMT Bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari va BMT favqulodda vaziyatlarda yordam ko‘rsatish koordinatori Martin Griffits.

BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari Filippo Grandi qochqinlarni qo‘llab-quvvatlashda mezbon hukumatlar, shuningdek, mahalliy nodavlat tashkilotlar muhim rol o‘ynaganini ta’kidladi. 

“Qochqinlar shunchaki qabul qilinmadi, vaqtinchalik himoya choralari ularga ishlash, xizmatlardan foydalanish huquqini berdi, ular milliy tizimlarga kiritildi. Biroq, biz mezbon davlatlarning mehmondo‘stligini odatdagidek qabul qilmasligimiz kerak. Qochqinlar o‘z uylariga qaytgunlaricha xalqaro yordam va birdamlikni davom ettirish zarur”, deydi Grandi. 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining xabar berishicha, 2022 yilda Ukraina bo‘ylab, jumladan Hukumat nazorati ostida bo‘lmagan hududlarida qariyb 16 million kishi yordam va himoyalarni olishga muvaffaq bo‘ldi. Olti million kishi moliyaviy yordam oldi, bu Ukraina iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlashga yordam berdi. BMT Yevropa mamlakatlaridagi millionlab ukrainalik qochqinlarga, jumladan, 600 mingdan ortiq bolalarga ham yordam ko‘rsatdi. 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ta’kidlashicha, so‘ralgan mablag‘ Tashkilotga davom etayotgan mojaro sharoitida ukrainaliklarga zarur yordam ko‘rsatishda davom etish imkonini beradi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing