BMT Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha xavotir bildirdi

Olam

image

Ukrainadan tinch aholining o‘limi yoki jarohatlanishiga sabab bo‘lgan “havo hujumlari va artilleriya o‘qlarining yangi to‘lqini” haqida xavotirli xabarlar kelmoqda. Bu haqda BMT matbuot kotibi Stefan Dyujarrik Nyu-Yorkdagi brifingda ma’lum qildi. 

“Bir necha soat oldin Ukrainadagi hamkasblarimiz yaqin vaqtgacha urush ta’sir qilmagan Kremenchug markaziga raketa tushgani haqida xabar berishdi. Savdo markaziga zarba berilgan va rasmiylar uning ichida ko‘p sonli tinch aholi vakillari bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Hozircha bizda qurbonlar haqida aniq raqamlar yo‘q, ammo raqamlar qanday bo‘lishidan qat’i nazar, savdo markaziga qilingan har qanday hujum juda afsuslanarli”, deydi Dyujarrik. 

Bu dam olish kunlari poytaxt Kiyev yana zarbaga uchragan, turar-joy binosiga zarar yetgan, vayronalar ostida bir necha kishi qolgan. Raketalar mamlakat g‘arbidagi, front chizig‘idan uzoqda joylashgan hududlarga ham tegdi. 

Stefan Dyujarrikning aytishicha, Donbassda janglar davom etmoqda, BMT gumanitar yordam xodimlari muhtojlarga yetib borishda katta qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Muammolar nafaqat xavfsizlikning yo‘qligi, balki ma’muriy cheklovlar bilan ham bog‘liq.  

“Biz yana bir bor ta’kidlaymizki, tomonlar xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasini himoya qilish majburiyatiga ega”, deydi matbuot kotibi. 

Ukrainadagi gumanitar yordam koordinatori Osnat Lubrani ham Kremenchug markazidagi hujumga ishora qilib, qurbonlar soni hozircha ma’lum emasligini, biroq “savdo markazida yuzlab odamlar bo‘lgani xabar qilinmoqda”, dedi. 

Qayd etilishicha, holat bo‘yicha tergov o‘tkazib, aybdorlarni javobgarlikka tortish kerak. 

“Bu Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi mamlakat aholisiga yetkazayotgan ommaviy azob-uqubatlarning yana bir misolidir. Dam olish kunlari biz havo hujumlari va o‘qqa tutilishining yangi to‘lqini haqida tashvishli xabarlarni oldik, bu esa Ukrainaning bir qancha mintaqalarida fuqarolik infratuzilmasiga yana zarba berdi. Ko‘plab tinch aholi halok bo‘ldi yoki yaralandi, uylar, tibbiyot muassasalari va boshqa fuqarolik infratuzilmasi zarar ko‘rdi”, deydi Osnat Lubrani. 

Uning aytishicha, BMT tinch aholiga qilingan hujumlarni keskin qoralaydi.  

"Men mustaqil tergov o‘tkazishga va aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqiraman", deydi BMT vakili.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

140

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing