BMT Ukrainada tinchlikni qo‘llab-quvvatlovchi rezolyutsiyani qabul qildi. O‘zbekiston qanday ovoz berdi?

Olam

image

BMT Bosh Assambleyasi kecha, 24 fevral kuni AQSHning Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Ukrainada tinchlikni qo‘llab-quvvatlash haqidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Bu haqda tashkilot rasmiy saytida ma’lum qilindi.

“Ukrainada barqaror tinchlikni qo‘llab-quvvatlash” deb nomlangan rezolyutsiya uchun 107 davlat ovoz bergan, 12 davlat qarshi chiqqan, 51 mamlakat betaraf qolgan.

Qarshi ovoz bergan 12 davlat – Rossiya, Belarus, Burkina-Faso, Burundi, Kuba, Shimoliy Koreya, Eritreya, Eron, Mali, Niger, Nikaragua va Sudan bo‘lgan.

Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston 51 ta betaraf davlat qatoridan joy olgan. Turkmaniston esa ovoz berishda umuman ishtirok etmagan. 

Rezolyutsiya matnida Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligi qo‘llab-quvvatlanishi bildirilgan. AQSH loyiha matnidan aynan suverenitet va hududiy yaxlitlik, shuningdek BMT Nizomiga oid ikki bandni olib tashlashni taklif qilgan edi. Biroq davlatlar AQSH taklifi bo‘yicha ovoz berishni rad etgan va rezolyutsiya dastlabki ko‘rinishda qabul qilingan. 

Eslatib o‘tamiz, 24 fevral kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya tomonidan boshlangan keng ko‘lamli urushning to‘rt yilligi munosabati bilan xalqqa videomurojaat yo‘llagandi. Zelenskiy nutqi davomida urushning ilk kunlari, xalqning tanlovi, og‘ir yo‘qotishlar va tinchlik masalasi haqida ko‘plab bayonotlar bergan. Prezident dastlab ushbu tarixiy sanani eslagan. Uning ta’kidlashicha, o‘sha kunlarda ko‘pchilik Ukraina tez taslim bo‘ladi, deb o‘ylagan. Ammo ukrainaliklar boshqacha yo‘lni tanlagan.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Ukraina N'yu-York rezolyutsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing