BMT Ukrainada necha begunoh odam o‘lganini ochiqladi
Olam
−
22 fevral 2023 6348 3 daqiqa
Ukrainada so‘nggi 12 oy davomida yuz bergan mojarolar oqibatida kamida 8006 nafar tinch aholi halok bo‘ldi, 13 287 nafari yaralandi. Bu haqda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Volker Turk ma’lum qildi, deya xabar beradi BMT matbuot xizmati.
Kecha, 21 fevral kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi (IHOK) ekspertlari Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro boshlangan 2022 yil 24 fevraldan 2023 yil 15 fevralgacha bo‘lgan davrda tinch aholi qurbonlari haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi. Ular qurbonlarning haqiqiy soni ancha ko‘p bo‘lishi mumkinligini ta’kidladilar – hali barcha ma’lumotlar rasman tasdiqlanmagan.
IHOK ma’lumotlariga ko‘ra, jinsi aniqlanishi mumkin bo‘lgan jabrlanganlarning 61,1 foizi erkaklar, 39,9 foizi ayollardir. Qurolli harakatlar oqibatida 487 nafar bola halok bo‘ldi, 954 nafari yaralandi.
“Bugun e’lon qilingan bu raqamlar o‘tgan yilning 24 fevralida Rossiya qurolli hujumi boshlanganidan beri odamlarga yetkazilgan talafot va iztiroblar, dekabr oyida Ukrainaga borganimda o‘z ko‘zim bilan ko‘rgan uqubatlar haqida hikoya qiladi”, deydi Turk.
Unga ko‘ra, qishning sovuq oylarida elektr va suv yetishmasligi tufayli qariyb 18 million kishi insonparvarlik yordamiga muhtoj, 14 millionga yaqin kishi o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘ldi.
Uning ta’kidlashicha, ko‘pgina maktab o‘quvchilari va talabalar ta’lim muassasalariga qilingan hujumlar tufayli o‘qishni davom ettira olmadi, keksalar va nogironlar esa katta qiyinchiliklarga duch keldi – ularning ba’zilari boshpanalarga kira olmadi yoki yerto‘lalarda uzoq vaqt yashashga majbur bo‘ldi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oliy komissariga ko‘ra, hali ham mojaro zonalarida qolayotganlarning aksariyati o‘z uylarini tark eta olmaydigan yoki istamaydigan keksalardir.
“Har kuni xalqaro inson huquqlari va insonparvarlik qonunlari poymol qilinmoqda va tobora kuchayib borayotgan azob-uqubatlar va vayronagarchiliklar orqali tinchlik yo‘lini topish qiyinlashmoqda”, deydi Turk.
Halok bo‘lganlar va yaradorlarning 90,3 foizi keng masofali portlovchi qurollar, jumladan artilleriya snaryadlari, qanotli va ballistik raketalar hamda havo bombardimonlari qurbonlaridir. IHOK shuningdek, minalar va boshqa o‘q-dorilar portlashi oqibatida 219 kishi halok bo‘lgan va 413 kishi jarohatlangani haqida xabar bergan.
Qayd etilishicha, tinch aholi o‘z uylarida va ko‘chalarda – oziq-ovqat yoki suv olishga borganlarida halok bo‘lgan. Masalan Xarkovda istiqomat qiluvchi 67 yoshli Olga uyi yaqinida raketa hujumi oqibatida halok bo‘ldi – u sut sotib olishga chiqqan edi. Xerson yaqinidagi qishloqlardan birida yashovchi 60 yoshli Sergey olti yoshli nabirasining oyog‘i artilleriyadan o‘qqa tutilganiga guvoh bo‘lgan.
“Olga va Sergeyning taqdiri kabi voqealar frontning ikkala tomonidagi odamlar to‘lashi kerak bo‘lgan dahshatli badalni eslatadi”, deydi Turk.
Oliy komissar urush va insoniyat azoblarini to‘xtatishga chaqirdi.
“Adolatni tiklash, xalqaro huquq normalarini buzganlik uchun javobgarlikni belgilash bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirish va kuchaytirish zarur. Shuningdek, jabrlanuvchilar o‘zlariga juda zarur bo‘lgan tovon pullari va amaliy yordamga ega bo‘lishlari ham muhim”, deya qo‘shimcha qildi Oliy komissar.
Live
Barchasi