BMT Ukarainaga hujumdan keyin hech narsaga qodir emasligini ko‘rsatdi – Anqara

Olam

image

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishining oltinchi oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti isloh qilinishi kerak. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma’muriyatining Aloqalar bo‘limi rahbari Fahrettin Altun “BMT Xavfsizlik Kengashi islohoti: xalqaro tartibni tiklashga yangi yondashuv” mavzusidagi yig‘ilish ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida ta’kidladi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, BMT bugungi kunda tinchlik va xavfsizlikni saqlashda samarali rol o‘ynay olmaydi. Tashkilot Rossiyaning Ukrainaga hujumidan keyin umidsizlik namunasini ko‘rsatgan.

“O‘tmishda Bosniya va Gersegovina, Ruanda, Suriya va Kosovoda sodir bo‘lgan insoniy fojialarning oldini olishda ojiz bo‘lgan bir tashkilot Rossiyaning Ukrainaga qilgan hujumlarida ham xuddi shunday noumidlik namunasini ko‘rsatdi”, deya ta’kidladi u.

Altunning so‘zlariga ko‘ra, BMT hozirgi tuzilmasi bilan global muammolarni hal qilish masalasini boshi berk ko‘chaga olib bormoqda.

“Biz BMT hozirgi tuzilmasi global muammolarni hal etishda boshi berk ko‘chaga olib borayotganiga ko‘p marotaba guvoh bo‘lganmiz. Biz BMTning doimiy a’zolari munozarali vaziyatlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki manfaatdor tomon bo‘lish tashabbuslarini qanday to‘sib qo‘yganini ko‘ramiz. 5 ta doimiy a’zo davlatlar o‘z manfaatlaridan kelib chiqib, Osiyo, Lotin Amerikasi va Afrika davlatlarining huquqlarini poymol qilgan holda masalalarni hal qiladi. Bugun BMTni isloh qilish kerak, dunyo faqatgina 5 ta davlatdan iborat emas!”, deydi u

Unga ko‘ra, Birlashgan Millatlar Tashkiloti yanada adolatli dunyo uchun chaqiruvga muvofiq qayta tuzilishi kerak.

“Turkiya shu doirada o‘z taklifini ilgari suradi va uni barcha davlatlar muhokamasiga ochadi. Muammoni hal qilish bo‘yicha taklifimiz “Dunyo besh davlatdan katta” iborasida keltirilgan nuqtai nazarni qabul qilishdir. Bu takliflar BMT Xavfsizlik Kengashi tuzilmasini o‘zgartirishga qaratilgan. Tinchlik va barqarorlik adolat, multikulturalizm va o‘zaro hurmatni aks ettiruvchi adolatli va barqarorroq global BMT tizimini talab qiladi”, deydi Erdo‘g‘an ma’muriyati vakili.

Ma’lumot uchun, Bu Turkiyaning BMTni birinchi marta tanqid qilishi emas. Respublika Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an deyarli har yili BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishida shunday zarurat borligini e’lon qiladi.

Jumladan, 2018 yilda u BMTni dunyo muammolarini hal qila olmaslikda ayblagan edi. O‘shanda u xalqaro tashkilot zaiflashib ketgani, hamjamiyat falastinliklar huquq va erkinliklarining poymol qilinishi borasida ikkilik standartini qo‘llayotganini tanqid qilgandi.

Doimiy ravishda BMT faoliyatini tanqid qilib keluvchi Prezident Erdo‘g‘an, 2021 yilda “Dunyo yanada adolatli bo‘lishi mumkin” nomli kitobni yozdi. Kitob muallifi BMTning qonuniylik, imkoniyatlar, samaradorlik, inklyuzivlik, vakillik va boshqaruv kabi muammolariga e’tibor qaratgan.

Turkiya rahbari o‘z ishida global siyosatdagi ikkilanishlarga, xususan, adolatsizlik, migratsion inqiroz, xalqaro terrorizm va islomofobiya muammosiga ishora qilib, BMT misolida dunyodagi kamsitish va ikki tomonlama standartlarni ochib beradi. 

Erdo‘g‘an asar orqali "bolalar o‘lgan va o‘ldirilgan dunyoda begunoh odamlar yo‘q" degan g‘oyani ilgari suradi. Qolaversa, Erdo‘g‘an zamonaviy jahon hamjamiyatiga eng zarur narsa adolat deb hisoblaydi. 

Shuningdek, u joriy yilning 11-13 mart kunlari Turkiyada bo‘lib o‘tgan Antaliya diplomatik forumida yana bir bor BMTga murojaat qilib, Birlashgan Millatlar Tashkilotini, xususan Xavfsizlik Kengashini isloh qilish vaqti kelib, allaqachon o‘tib ketganini, dunyo yangi urushlar bilan ovora bo‘lib, eskilarini oqibatalarini bartaraf etmayotgani, buning ortidan dunyoda qochqinlar soni 85 milliondan oshgani, ular safiga 3 million ukrainalik qo‘shilgani, O‘rta yer dengizi suvlari esa 25 ming qochqinning qabriga aylanganini alohida qayd etdi.

“Yangi urushlarning oldini olishni qo‘ya turing, 10 yillardan buyon davom etayotgan to‘qnashuvlar hal etilmagan bir vaqtda hech kim o‘zini xavfsiz his qila olmaydi. Bugun qayerda yashamaylik, dunyo ulkan qishloqqa aylangan davrda “Boshqasi bilan nima ishim bor?”, deyolmaymiz. To‘xtatilmagan to‘qnashuvlar, qarshi chiqilmagan zulmlar, kurashilmagan muammolar oxir-oqibat bizga ham ta’sir qilishi, bizni ham yoqishini bilishimiz kerak.

Biz bu alamlarga Suriyada, Yamanda, Afg‘onistonda, Liviyada, Iroqda, Arakanda va bir qator muammoli hududlarda takror va takror guvoh bo‘ldik. Bu mojaro hududlarida tinch aholi,ularning aksariyati ayollar va bolalar halok bo‘ldi. Oilaviy qadriyatlar va insoniy fazilatlarga jiddiy putur yetdi. Xalqaro tashkilotlarga bo‘lgan ishonch eng tubiga tushdi. Terrorchilik tashkilotlari va ekstremizm butun dunyoda keng tarqaldi”, degan edi Prezident Erdo‘g‘an dunyoga yuzlanib.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya BMT Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

105

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing