BMT Tramp davrida sovuqlashgan munosabatlarni Bayden bilan isitmoqchi
Olam
−
01 dekabr 2020
4539Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish AQSH Prezidentligiga nomzod Jo Bayden bilan telefon orqali suhbat o‘tkazdi va uni davlat rahbari lavozimiga saylangani bilan tabrikladi.
BMT xabariga ko‘ra, Bosh kotib AQSH va BMT o‘rtasidagi yaqin hamkorlik muhimligini ta’kidlagan.
“U (Guterrish) saylangan Prezident va uning jamoasi bilan bugungi kunda dunyo oldida turgan ko‘plab dolzarb muammolarni, shu jumladan COVID-19 pandemiyasini, iqlim o‘zgarishini, tinchlik va xavfsizlikni saqlashni va inson huquqlarini himoya qilishni hal qilishda sheriklik aloqalarini mustahkamlashga ishonmoqda”, deyilgan bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, AQSH 2015 yilda qabul qilingan Parij iqlim kelishuvidan joriy yilning 4 noyabr kuni rasman chiqib ketdi. Trampning JSST bilan kelisholmasligi sabab u mamlakatni bu tashkilotdan ham chiqarishga qaror qilgandi. Amerika kelasi yil yozda tashkilotni tark etishi belgilangan.
AQSHning saylangan Prezidenti Jo Bayden esa rasman yangi lavozimiga kirishgach, ishni nimadan boshlashini o‘ylab qo‘ygan. U AQSHning muddati tugab borayotgan Prezidenti Donald Trampning bir nechta qarorini bekor qilish niyatida. Xususan, siyosatchi AQSHni Parij iqlim kelishuviga qaytarib, mamlakatning Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan chiqishini bekor qilmoqchi.
AQSHning yangi Prezidenti iqlimni himoya qilishga ham alohida e’tibor qaratmoqchi. Tramp global isish inson faoliyati mahsuli ekaniga shubha bildirib keladi. Bayden esa 2050 yilgacha AQSHni to‘laligicha qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tishini ta’minlamoqchi.
Shuningdek, koronavirus pandemiyasi masalasida ham Tramp va Baydenning qarashlari bir-biriga mutlaqo zid. Tramp o‘zi koronavirusga chalindi va shifoxonadan Oq uyga qaytgach, bu kasallikdan qo‘rqish kerakmasligini aytdi. Jo Bayden esa amerikaliklarni doim tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofaga amal qilishga chaqirib, zararlanish xavfiga jiddiy qarash kerakligini aytib kelyapti. U Oq uyga joylashgach, birinchi kundan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashning uzoq muddatli dasturini taqdim qilmoqchi.
Bayden Tramp pandemiyaga qarshi kurashish uchun hech narsa qilmaganini ham ta’kidlagandi.
Ma’lumot uchun, AQSHda koronavirusga chalinganlar 13,6 mlndan oshgan. 268 mingdan ko‘p bemor vafot etgan. Ikkala ko‘rsatkich bo‘yicha ham AQSH dunyoda birinchi o‘rinda turadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 noyabr kuni AQSHda prezidentlik saylovi o‘tkazildi. Saylov natijasi rasman e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, natijalar demokrat Jo Baydenning g‘alabasini ko‘rsatmoqda.