BMT SI ustidan global nazoratni boshladi
Olam
−
13 fevral 392 2 daqiqa
BMT Bosh assambleyasi sun’iy intellekt (SI) xavf-xatarlarini o‘rganadigan 40 kishilik mustaqil xalqaro ilmiy panelni tashkil etishni ma’qulladi. Qaror 117 ovoz bilan qabul qilindi: AQSH va Paragvay qarshi chiqqan, Tunis hamda Ukraina betaraf, Rossiya, Xitoy va Yevropa davlatlari esa tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrish bu tashabbusni “sun’iy intellekt bo‘yicha global ilmiy tushunchani shakllantirish sari muhim qadam” deya baholagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, texnologiya shiddat bilan rivojlanayotgan bir paytda, yangi tuzilma a’zo davlatlarga mustaqil va ilmiy asoslangan tahlil taqdim etadi. Panel har yili sun’iy intellektning xatarlari, imkoniyatlari va ta’sirini jamlagan hisobot e’lon qiladi.
Mazkur qaror sun’iy intellekt kompaniyalaridagi ichki noroziliklar fonida qabul qilingan. Sobiq xodimlar texnologiya nazoratsiz rivojlanayotgani haqida ogohlantirmoqda. Jumladan, Anthropic’ning sobiq tadqiqotchisi Mrinank Sharma ochiq maktubida “dunyo xavf ostida” ekanini ta’kidlagan. OpenAI’ning sobiq yetakchi olimasi Zoe Hitzig esa kompaniya strategiyasidan jiddiy xavotirda ekanini bildirgan. SI sohasidagi taniqli shaxslar — Dario Amodei, Sam Altman va Steve Vozniak — ham jiddiy xavflar haqida bir necha bor signal bergan.
AQSH vakili Lauren Lovelase esa panelni BMT vakolatlaridan tashqariga chiqish deb atadi. Uning fikricha, sun’iy intellekt boshqaruvi BMT emas, milliy hukumatlar va bozor mexanizmlari doirasida hal etilishi kerak. Tramp esa SI sohasida minimal tartibga solish tarafdori bo‘lib, ortiqcha byurokratiya innovatsiyani sekinlashtirishi mumkinligini ta’kidlab keladi. Shunga qaramay, Qo‘shma Shtatlardan ikki mutaxassis – Vipin Kumar va Marta Palmer yangi panel tarkibiga kiritildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Komissiyasi, Interpol va ko‘plab tashkilotlar sun’iy intellektning yalang‘ochlash vositalarini taqiqlashga chaqirgan edi.
Musulmon Sodiq
Live
Barchasi