BMT Rossiyaning tarixiy obidalarga zarba berganini keskin qoraladi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiyaning Odessaga raketa hujumi uyushtirgani, buning oqibatida ikki kishi halok bo‘lgani va Preobrajenskiy kafedral sobori hamda shaharning tarixiy markazidagi boshqa bir qancha tarixiy binolar zarar ko‘rganini qat’iy qoraladi. Bu haqdagi bayonot kecha, 23 iyul kuni tashkilotning rasmiy saytida BMT voizi Stefan Dyujarrik nomidan e’lon qilindi.

Bayonotda sobor va boshqa tarixiy yodgorliklarning o‘qqa tutilishi Jahon merosi konvensiyasi tomonidan qo‘riqlanadigan hududga hujum deb atalgan. Shuningdek, unda Rossiyaning Ukrainaga hujumi boshlanganidan beri UNESCO Ukrainadagi kamida 270 ta madaniy obidaga, jumladan, 116 diniy obidaga zarar yetkazilganini tasdiqlagani keltirilgan. 

“BMT Bosh kotibi Rossiya Federatsiyasini keng ratifikatsiya qilingan xalqaro me’yoriy hujjatlar bilan himoyalangan ob’ektlar, Ukrainadagi fuqarolik infratuzilmasi va uning tinch aholi vakillariga hujumlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiradi”, deydi Dyujarrik.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat agentligi (UNESCO) ham Rossiya Federatsiyasini xalqaro shartnomalarga rioya qilishga chaqirgan. 

“Ushbu dahshatli vayronagarchilik Ukrainaning madaniy merosiga nisbatan zo‘ravonlik kuchayib borayotganidan dalolat beradi. Men madaniyatga qilingan bu hujumni keskin qoralayman va Rossiya Federatsiyasini xalqaro huquq, jumladan, 1954 yildagi Madaniy mulkni himoya qilish to‘g‘risidagi Gaaga konvensiyasi hamda BMTning Jahon qurolli to‘qnashuvi paytidagi Madaniy mulkni himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish uchun konstruktiv choralar ko‘rishga chaqiraman”, degan UNESCO Bosh direktori Odri Azuley.

Shu bilan birga, tashkilot bundan bir necha kun oldin Rossiyaning Ukrainadagi hujumlari fuqarolik va madaniy ob’ektlarning vayron bo‘lishiga olib kelganiga e’tibor qaratgan. Aytish joizki, Odessaning tarixiy markazi 2022 yilning kuzida UNESCO'ning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Uni Rossiya hujumlaridan himoya qilishga urinish ushbu ro‘yxatga kiritilish sabablaridan biri sifatida keltirilgan.

Ba’zi tahlilchilarning fikricha, Odessaning ommaviy o‘qqa tutilishi Rossiyaning “don bitimi” dan chiqishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ma’lumki, Rossiya 18 iyulda muddati tugagan “g‘alla kelishuvi”ni tark etganidan so‘ng, darhol Ukraina janubi, jumladan Odessani o‘qqa tutishni kuchaytirgan. Kil universiteti Xavfsizlik siyosati institutining dengiz strategiyasi va xavfsizligi bo‘yicha eksperti Yoxannes Petersning aytishicha, Moskva Ukraina donini eksport qilishning muqobil yo‘llari endi xavfsiz emasligini ko‘rsatishga harakat qilmoqda. 

Shu bilan birga, ukrainalik kuzatuvchilarning fikriga ko‘ra, Moskvaning shartnomani uzaytirishni xohlamaganiga Rossiya Taman portiga o‘zining ammiak quvuri qurilishini deyarli yakunlagani va o‘z donini Eron orqali eksport qilish uchun yangi yo‘nalishlarni ishlab chiqa boshlagani sabab bo‘lgan. Masalan, bugun, 24 iyulga o‘tar kechasi Kreml saytida chop etilgan maqolada ham Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Rossiya Ukraina g‘allasini ham tijoriy, ham tekin o‘rnini bosa olishi”ni yozgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa tarixiy obidalarga hujum qilinmagani, ulardagi vayronagarchilik Ukraina havo hujumidan himoya tizimi operatorlarining “savodsizligi” oqibati ekanini da’vo qilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 iyul kuni Rossiya armiyasi Odessaga raketa hujumlarini boshlagandi. Rossiya Aerokosmik kuchlari va dengiz floti aviatsiyasi jalb qilingan hujumda Ukraina infratuzilmasiga X-22 raketalari, “Kalibr” qanotli raketalari va kamikadze dronlari bilan zarba berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya BMT Ukraina Odessa UNESCO Antoniu Guterrish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing