BMT Rossiyaga chaqiriq bilan chiqdi
Olam
−
10 dekabr 2022
10363BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, qurolsizlanish masalalari bo‘yicha oliy vakil Isumi Nakamitsu Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berilishi ustidan nazoratni kuchaytirish, aholi gavjum hududlarda portlovchi qurollardan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik va Rossiyaning energetika infratuzilmasi ob’ektlarini o‘qqa tutishini to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda BMT Matbuot xizmati xabar berdi.
“Rossiyaning 2022 yil 24 fevralda Ukrainaga bostirib kirishi ortidan bir qator davlatlar mudofaa kuchlari uchun Ukrainaga qurol-yarog‘ tizimlari va o‘q-dorilarni topshirdi. Bu ma’lumot, men sentyabr oyida ta’kidlaganimdek, tegishli hukumatlar tomonidan keng e’lon qilingan va ochiq manbalarda mavjud”, deydi Isumi Nakamitsu kecha, 9 dekabr kuni BMT xavfsizlik kengashi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida.
Nakamitsudan Ukrainaga halokatli qurol yetkazilishi bo‘yicha brifing o‘tkazish so‘ralgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga yetkazib berishlar orasida og‘ir oddiy qurollar, jumladan, jangovar tanklar, zirhli jangovar mashinalar, yirik kalibrli artilleriya tizimlari, raketa tizimlari, uchuvchisiz jangovar uchish apparatlari, shuningdek, o‘qotar va yengil qurollar bo‘lgan.
Bosh kotib o‘rinbosarining ta’kidlashicha, asosiy oddiy qurol tizimlari, jumladan, artilleriya-raketa tizimlari Ukrainaga qarshi mojaroda ishtirok etayotgan nodavlat qurolli guruhlarga o‘tkazilgani haqida ko‘plab mustaqil tasdiqlangan xabarlar bor.
Bosh kotib o‘rinbosari mojaro zonalariga keng miqyosda qurol yetkazib berish jiddiy tashvish tug‘dirayotganini, jumladan, nazoratsiz tarqalish ehtimoli borligini ta’kidladi.
“Qurol va o‘q-dorilarning mumkin bo‘lgan yo‘naltirilishiga qarshi chora-tadbirlar mojarodan keyingi tiklanish va mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik, shuningdek, boshqa mintaqalarda mojarolarning oldini olish uchun kalit bo‘ladi”, deydi BMT vakili.
U qurol-yarog‘lar oqimi ustidan nazoratni kuchaytirish va harbiy texnikani o‘tkazish hisobini yuritishga chaqirib, xalqaro hamjamiyatda qurollarni uzatishda shaffoflikni oshirishga mo‘ljallangan BMTning oddiy qurollar reyestri kabi vositalar mavjudligini eslatdi.
Nakamitsu halokatli qurollardan foydalanishning og‘ir oqibatlarini eslatdi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 24 fevraldan beri Ukrainada 17 181 nafar tinch aholi halok bo‘lgan yoki yaralangan.
Bu faqat tasdiqlangan ma’lumotlar, haqiqiy raqamlar bundan ham yuqori. Ularning aksariyati portlovchi qurollardan, jumladan og‘ir artilleriya, yalpi raketa tizimlari, raketa va samolyotlaardan foydalanish natijasida jabrlangan. Bunday qurollardan foydalanish fuqarolik infratuzilmasining vayron bo‘lishiga olib keladi, buning oqibatida suv, gaz, issiqlik va elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga keladi.