BMT Rossiya va Ukrainani dunyo uchun muhim kelishuvni uzaytirishga chaqirdi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ukraina bilan don eksporti bo‘yicha kelishuvlarni uzaytirish yo‘lida turgan qiyinchiliklarni tushunadi, lekin ularni yengib o‘tish mumkinligiga ishonadi. Bu haqda BMT Bosh kotibi vakili Stefan Dyujarrik kecha, 28 oktyabr kuni e’lon qilgan bayonotida aytiladi.

“Ukrainadan g‘alla va o‘g‘it eksportini osonlashtirish bo‘yicha kelishuvlarning dastlabki muddati 120 kunni tashkil etadi. Agar tomonlar e’tirozi bo‘lmasa, ular 19 noyabr kuni avtomatik ravishda uzaytirilishi mumkin. Biz barcha tomonlarni (Turkiya, Rossiya va Ukraina) kelishuvlarni uzaytirish va ularning ikkala qismini to‘liq amalga oshirish, shu jumladan, Rossiyadan g‘alla va o‘g‘it eksporti yo‘lidagi qolgan to‘siqlarni bartaraf etishga ko‘maklashish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishga chaqiramiz”, deydi u.

Dyujarrikning qo‘shimcha qilishicha, BMT ushbu maqsadga erishish uchun barcha tomonlar bilan hamkorlikni davom ettirishga to‘liq sodiq. Tashkilot muammolarni chetda qoldirmasdan, ularni yengib o‘tishga ishonadi.

Ma’lumot uchun, 22 iyul kuni Istanbulda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokida Ukraina portlaridan g‘allani xavfsiz tashish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Hujjatni Ukraina, Rossiya, BMT va Turkiya vakillari imzoladi. Don shartnomasi Ukrainaning Odessa, Yujniy va Chernomorsk portlarini o‘z ichiga oladi.

Shartnoma muddati 19 noyabrda tugaydi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Turkiya avvalroq kelishuvni uzaytirishga chaqirgan edi.

Oktyabr oyida Qrim ko‘prigida portlash bo‘lishi ortidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin don kelishuvi to‘xtatib qo‘yilishi mumkinligini aytgandi. U portlovchi uskuna don yo‘lagi orqali Qrimga olib kelingani tasdiqlansa, shunday qilinishini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT

Baholaganlar

52

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing