BMT Putinga ajoyib “sovg‘a” tayyorladi. Qozog‘iston va Xitoy bunga qarshi chiqyapti
Olam
−
07 Oktabr 2022
62670Bugun, 7 oktyabr kuni – Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning 70 yoshni qarshilaganiga BMT ajoyib sovg‘a tayyorladi. Jenevada bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashi yig‘ilishida Rossiya Federatsiyasidagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha ma’ruza tayyorlaydigan maxsus ma’ruzachi tayinlashga qaror qilindi. Tegishli rezolyutsiyani 17 davlat yoqlab ovoz berdi, olti davlat qarshi, 24 davlat betaraf qoldi.
Germaniyaning kengashdagi doimiy vakili Katarina Shtashbu harakatni anchadan buyon kechiktirilgan deb atadi.
"Rossiya uzoq vaqtdan beri o‘z uyida inson huquqlarini oyoq osti qilmoqda. Endi qurbonlar, nodavlat tashkilotlar va muxolifat nihoyat yana ovozga ega bo‘ladi", deydi u.
Insonning asosiy huquqlarini kafolatlash
Qariyb 25 G‘arb davlati tashabbusi bilan qabul qilingan rezolyutsiyada Rossiyada so‘z va yig‘ilish erkinligi cheklanishi, jurnalistlar, huquqshunoslar va muxolifat vakillarining qo‘rqitilishi, hukumat tanqidchilarining sudsiz o‘ldirilishi, o‘zboshimchalik bilan hibsga olinishi va adolatli sudning yo‘qligidan chuqur xavotir bildirilgan. Hujjat Rossiyani insonning asosiy huquqlari, jumladan, so‘z erkinligini kafolatlashga chaqiradi.
Rossiya bo‘yicha hali tayinlanmagan maxsus ma’ruzachi bir yildan so‘ng Rossiya Federatsiyasidagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganadi va BMT Inson huquqlari kengashiga xulosa va tavsiyalar beradi. Boliviya, Xitoy, Eritreya, Qozog‘iston, Kuba va Venesuela bu rezolyutsiyaga qarshi ovoz berdi. Rossiya hozirda 47 davlatdan iborat BMT Inson huquqlari kengashiga a’zo emas.
Shunga qaramay, Rossiyaning doimiy vakili yig‘ilishda qatnashdi va kengash tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyani qoraladi. Uning fikricha, ushbu rezolyutsiya tashabbuskori bo‘lgan mamlakatlarda irqchilik va politsiya zo‘ravonligini tekshirish to‘g‘riroq bo‘ladi. Xitoy kengash tomonidan qabul qilingan hujjatni rad etib, uni davlatning ichki ishlariga aralashish deb atadi.