BMT ovozini ko‘tara olmayapti – Erdo‘g‘an

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an xalqaro munosabatlar tizimini keskin tanqid ostiga oldi va tizim bankrotga uchraganini aytdi. Bu haqda u “Adolat va taraqqiyot” partiyasining tadbirida so‘z ochdi.

Erdo‘g‘anga ko‘ra, tizim G‘azo sektorida sodir bo‘layotgan voqealar oldida to‘liq ojizligini ko‘rsatgan.

“BMT Xavfsizlik Kengashi butun insoniyat norozilik bildirishi kerak bo‘lgan bu shafqatsizlik oldida ovozini baland ko‘tara olmaydi”, degan Prezident Erdo‘g‘an.

Davlat rahbari ayni damda jahon siyosati eng og‘ir burilishlardan birini boshdan kechirayotganini ta’kidladi.

“Xalqaro tizimda jiddiy hokimiyat bo‘shlig‘i vujudga keldi, biz ma’naviyat va vijdonni yo‘qotishga duch keldik”, deydi Turkiya rahbari.

Shuningdek, Erdo‘g‘an Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning AQSH Kongressida nutq so‘zlash taklifini va amerikalik qonunchilar uning nutqini qayta-qayta to‘xtatib qo‘ygan qarsaklarini yana keskin tanqid qildi.

“Bugun Gitlerning yolg‘onlarini olqishlayotgan Netanyaxu bu qora dog‘ni yuvib tashlay olmaydi. Genotsid aybdorlari parlament tribunalarida emas, sodir etgan jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilishi uchun sud zallarida bo‘lishi kerak”, deydi siyosatchi.

U, shuningdek, ijtimoiy media platformalarida Falastindagi voqealarga nisbatan ikki tomonlama standartlarga ishora qildi.

“Biz falastinlik shahidlarning suratlariga ham toqat qila olmaydigan va ularni darhol taqiqlovchi, biroq ayni paytda erkinlik haqida gapiradigan raqamli fashizmga duch keldik”, deydi Erdo‘g‘an.

Bundan tashqari, Prezident “Turkiya haqida gap ketganda, ijtimoiy media platformalari AQSH va Yevropadagi kabi qoidalarga qat’iy rioya qilishni ko‘rsatmaydi”, deb ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 2 avgust kuni Turkiyada Instagram ijtimoiy tarmog‘iga kirish bloklab qo‘yilgandi. Turkiya rasmiylarining mazkur qarori HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniya o‘limi bilan bevosita bog‘liq, deb taxmin qilinmoqda. Instagram Xoniya o‘limi munosabati bilan hamdardlik posti joylagan akkauntlarni umumiy bloklay boshlagan. Bunga javoban esa Turk hukumati Instagram’ning o‘ziga nisbatan taqiq joriy qilgan bo‘lishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an BMT G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing