BMT ortidan Rossiya Afg‘onistonga gumanitar yordam jo‘natdi
Olam
−
18 dekabr 2021
3957Rossiya Mudofaa vazirligiga qarashli uchta Il-76 harbiy-transport samolyoti Afg‘onistonga gumanitar yordam yetkazdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Rossiyaning harbiy-transport samolyotida Afg‘oniston aholisi uchun oziq-ovqat va dori-darmonlarni o‘z ichiga olgan jami 36 tonna gumanitar yuk bor bo‘lgan.
Shuningdek, Afg‘onistondan evakuatsiya qilingan fuqarolarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatish uchun har bir samolyotda zarur tibbiy asbob-uskunalar va dori-darmonlarga ega harbiy shifokorlardan iborat brigadalar mavjudligi aytilmoqda.
Ma’lumot uchun, Rossiya Federatsiyasi 26 avgustdan 1 dekabrgacha bo‘lgan davrda KXSHTga a’zo davlatlar (Belarus, Qirg‘iziston, Armaniston), Ukraina va Afg‘onistonning 770 nafar fuqarosini Afg‘oniston hududidan harbiy-transport samolyotlari orqali evakuatsiya qilgan va Afg‘onistonga 72 tonna insonparvarlik yuklarini yetkazgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 dekabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar ishlari bo‘yicha agentligi O‘zbekistonning Termiz shahridan Afg‘onistonga yuk mashinalarida gumanitar yordam jo‘natgani haqida xabar bergan edik.
Bundan tashqari, Amerika Qo‘shma Shtatlari Afg‘onistonga COVID-19 ga qarshi qo‘shimcha 1 million doza vaksina va qariyb yarim milliard dollarlik gumanitar yordam ajratgan edi.
Ozoda Choriyeva
LiveBarchasi