BMT muhojirlardan siyosiy maqsadlarda foydalanishga qarshi chiqdi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkiloti qochqinlardan siyosiy maqsadlarda foydalanishga qarshi. Bu haqda BMT Bosh kotibining Matbuot kotibi Stefan Dyujarrik Polsha-Belarus chegarasida to‘plangan muhojirlar bilan bog‘liq vaziyat keskinlashgani haqidagi xabarlarni izohlab, aytib o‘tdi.  

“Biz bir qancha vaqtdan beri Polsha va Belarus chegarasida sodir bo‘layotgan voqealar haqida xabarlarni ko‘rib turibmiz. Bir qator fundamental tamoyillar mavjud — odamlar hech qachon siyosiy maqsadlarga erishish uchun vosita sifatida foydalanilmasligi kerak, ayniqsa ular zaif holatda bo‘lsa. Tegishli tamoyillar 1951 yildagi Qochqinlar bo‘yicha konvensiyada belgilangan va ular hamma tomonidan hurmat qilinishi kerak”, degan u. 

Avvalroq, ayni vaqtda Belarus-Polsha chegarasida 1-5 ming nafar muhojir yig‘ilgani haqida xabar berilgandi. Polsha hukumati chegara qo‘riqlash kuchaytirilgani, u yerda chegarachilardan tashqari harbiylar va politsiya xodimlari ham xizmat qilayotganini ma’lum qildi. 

Shuningdek, noqonuniy muhojirlarning Polsha-Belarus chegarasini majburan kesib o‘tishga urinishlari haqida xabarlar tarqaldi. Chegaraning Polsha tomonida ularga himoya dubulg‘asi va jilet kiygan politsiya vakillari, chegara qo‘shinlari va Qurolli Kuchlar vakillari qarshilik ko‘rsatgan. Hozirgacha Polshaga bostirib kirishga urinishlarning oldi olingan.

Eslatib o‘tamiz, Litva ayni vaqtda Belarus bilan chegarada balandligi 4 metrni tashkil qilgan temir to‘siq qurmoqda. Ushbu loyiha aynan migrantlarning noqonuniy oqimiga qarshi qaratilgan.  

O‘z navbatida, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko g‘arbiy qo‘shnilariga noqonuniy migrantlar hamda narkotrafik oqimini nazorat qilmasligi bilan tahdid qilgandi. Bunday “dag‘-dag‘alarning” ildizi esa G‘arb davlatlari bilan rasmiy Minsk o‘rtasidagi munosabatlarning sovuqlashishiga borib taqaladi.  

Ma’lumot o‘rnida, Belarusda 2020 yili bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovidan so‘ng, mamlakatni qamrab olgan qo‘zg‘alon va noroziliklar, bundan ham yomonrog‘i – kuch ishlatar tuzilmalarning namoyishlarni bostirishi, Lukashenkoning barcha siyosiy raqiblari qamalishi yoki mamlakatdan qochib ketishi hamda OAV vakillarining taqibga uchrashi Belarusning G‘arb davlatlari tomonidan izolyatsiya qilinishiga olib keldi. Bunga javoban Lukashenko ayni vaqtda qo‘lidagi “kozir karta”sini ishga solmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Pol'sha Belarus'

Baholaganlar

37

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing