BMT xavotirda: dunyo davlatlari va’dasini buzmoqda

Olam

image
0:00
0:00
download

Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash doirasida issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga va’da berilganiga qaramay, ko‘plab davlatlar 2030 yilga kelib energiya resurslarini qazib olishni ikki barobar ko‘paytirishni rejalashtirmoqda. Insoniyat bunday yondashuv bilan global isishning chegaralarini 1,5 daraja atrofida ushlab tura olmaydi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhit dasturi (UNEP) yangi hisobotida aytilgan. 

Ta’kidlanishicha, kelgusi yigirma yil ichida ko‘plab hukumatlar neft va gaz qazib olishni ko‘paytirishni rejalashtirmoqda. Ko‘mir ishlab chiqarish esa biroz kamayishi aytilgan. 

“Bu iqlim o‘zgarishining halokatli oqibatlariga olib keladi. Uzoq muddatli isishni 1,5 daraja atrofida ushlab turish uchun hali vaqt bor, lekin bu imkoniyatlar oynasi tez yopilmoqda”, deb ogohlantirgan UNEP ijrochi direktori Inger Andersen. 

2021 yilgi ishlab chiqarish bo‘yicha hisobotda 15 ta asosiy ishlab chiqaruvchi mamlakatlar keltirilgan: Avstraliya, Braziliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Hindiston, Indoneziya, Kanada, Xitoy, Meksika, Norvegiya, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Janubiy Afrika, Birlashgan Arab Amirliklari va AQSH. Ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, bu mamlakatlarning aksariyatida hukumat yoqilg‘i ishlab chiqarishga muhim siyosiy yordam ko‘rsatishda davom etmoqda.

Qayd etilishicha, 2030 yilga kelib Rossiyada ko‘mir va gaz qazib olish 2019 yildagi ishlab chiqarish bilan solishtirganda 5 foizdan oshadi.

Umuman olganda, barcha davlatlar 2030 yilga kelib, qazib olinadigan yoqilg‘ini taxminan 110 foizga ko‘p ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.

Ta’kidlanishicha, COVID-19 pandemiyasi boshlanganidan buyon G20 mamlakatlari qazib olinadigan yoqilg‘ini ishlab chiqarishga jami 300 milliard dollardan ziyod mablag‘ sarflagan, bu toza energiyani rivojlantirishga ajratilgan mablag‘dan ko‘proq. 

UNEP hisoboti Stokgolm atrof-muhit instituti, Barqaror rivojlanish xalqaro instituti va Tashqi rivojlanish instituti ko‘magida tayyorlangan. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish hisobotning nashr etilishini mamnuniyat bilan qabul qilgan. 

“Bu hisobot aniq ko‘rsatib turibdiki, ekologik toza energiyani ta’minlash uchun hali uzoq yo‘l bor”, degan BMT rahbari.


Maqola muallifi

Teglar

BMT global muammo

Baholaganlar

139

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing