BMT Xavfsizlik Kengashi Shimoliy Koreya raketasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi
Olam
−
20 fevral 2023
3053Bugun, 20 fevral kuni BMT Xavfsizlik Kengashining Shimoliy Koreyaning so‘nggi raketa uchirishlari bo‘yicha yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida Shimoliy Koreyaning raketa uchirgani uchun BMT Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini talab qilgan. Uchrashuv bugun 15:00 ga belgilangan.
Shuningdek, Yaponiya Mudofaa vazirligi Shimoliy Koreya bugun, 20 fevral kuni ertalab o‘zining g‘arbiy qirg‘oq hududidan ikkita ballistik raketa uchirgani, ular mos ravishda 50 va 100 km maksimal parvoz balandligida 350 va 400 km masofani bosib o‘tgani haqida xabar bergan.
Eslatib o‘tamiz, 18 fevral kuni Pxenyan “Xvason-15” qit’alararo ballistik raketasini uchirgan va u Shimoliy Xokkaydo orolidan 200 km g‘arbda joylashgan Yaponiyaning eksklyuziv iqtisodiy zonasiga kelib tushgandi. Keyinroq Shimoliy Koreya yetakchisining singlisi Kim Yo Chjon ham bayonot berib, AQSH va Janubiy Koreyani ogohlantirgan hamda Pxenyan dushmanlarining har bir harakatini kuzatib borishi va har bir dushmanona harakatga o‘ta qat’iylik bilan javob berishini ta’kidlagandi. Shuningdek, kecha, 19 fevral kuni Yaponiya va AQSH qo‘shma havo mashg‘ulotlarini o‘tkazdi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi