Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon noma’lum ballistik raketa uchirdi
Olam
−
18 fevral 2023
4814Shimoliy Koreya bugun, 18 fevral kuni Yapon dengizi tomon noma’lum turdagi ballistik raketani uchirdi. Bu joriy yil davomida shimol harbiylari tomonidan tashkillashtirilgan ikkinchi raketa sinovidir. Bu haqda Janubiy Koreyaning “Yonhap” agentligi ma’lum qildi.
Janubiy Koreya Birlashgan armiya shtab boshliqlari kengashi Pxenyandagi Sunan hududidan mahalliy vaqt bilan soat 17:22 da ballistik raketa uchirilganini tasdiqladi. Boshqa tafsilotlar hali oshkor etilmagan. Rasmiy nashrlar ham faqatgina raketa uchirilishi bilan bog‘liq ma’lumotni ommaga uzatgan. Voqea tafsilotlari, ballistik raketa turi, nishon qaysi manzilda bo‘lgani borasida hozircha aniq ma’lumotlar yo‘q.
So‘nggi ballistik raketa uchirilishi joriy hafta boshida Shimol rahbariyati BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishi chaqirilishiga qarshi norozilik bildirganidan bir kun o‘tib sodir bo‘lmoqda. Pxenyan Janubiy Koreya va Qo‘shma Shtatlarni rejalashtirilgan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini ilg‘or sur’atda davom ettirsa, “misli ko‘rilmagan” kuchli qarshiliklarga duch kelishlari haqida ogohlantirgan edi. Ammo bu tahdid harbiy mashg‘ulotlar ko‘lamiga ta’sir etadigan darajada jiddiy qabul qilinmagan edi.
AQSH boshchiligidagi ittifoqchilar kelasi hafta Pentagonda Shimol tomonidan yadroviy qurilmalardan foydalanilishi ssenariysi borasida yalpi muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, kelasi oy boshida “Ozodlik qalqoni” turkum harbiy mashg‘ulotlari ham o‘tkaziladi. Mazkur hodisalar esa Shimol mudofaa kuchlarining kutilmaganda keskin tayyorgarlik boshlashiga olib keldi.
LiveBarchasi