BMT Xavfsizlik Kengashi G‘azo bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qildi
Olam
−
23 dekabr 2023
6775Kecha, 22 dekabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi AQSHning vetosiga yo‘l qo‘ymaslik uchun “harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish” to‘g‘risidagi dastlabki chaqiriqsiz, yumshoqroq rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjat matnida HAMAS terrorchilik hujumlarida ayblanmaydi, Isroil esa gumanitar karvonlar ustidan nazoratni o‘zida saqlab qoladi.
Uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng, BMT Xavfsizlik Kengashida G‘azo sektoriga oqib kelayotgan yordam miqdorini oshirish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha rezolyutsiya uchun ovoz berildi, lekin zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirilmadi.
15 a’zodan iborat Kengash Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan ishlab chiqilgan hujjatga veto huquqiga ega Qo‘shma Shtatlar o‘zi xohlagan o‘zgarishlarni talab qilganidan keyin rozi bo‘ldi.
Qabul qilingan matn barcha tomonlardan Falastin anklaviga oziq-ovqat, dori-darmon va yoqilg‘ining “xavfsiz va to‘siqsiz kirishini” zudlik bilan ta’minlashni talab qiladi va “harbiy harakatlarni doimiy ravishda to‘xtatish uchun shart-sharoitlarni yaratishga” chaqiradi.
Shu bilan birga, Vashington BAA tomonidan taklif qilingan asl nusxaga mos keladigan “shoshilinch va barqaror sulh” chaqiruvini qo‘shish bo‘yicha Rossiya taklifini blokladi.
Natijada Rossiya va AQSH ovoz berishda betaraf qoldi. Shunday qilib, Xavfsizlik Kengashining 13 ta a’zosi rezolyutsiyani yoqlab chiqdi.
Hujjatda yoqilg‘i, oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib berish uchun “barcha mavjud yo‘nalishlardan” foydalanish talab qilingan.
“Isroil xalqaro qonunlarga muvofiq harakat qilishda davom etadi, ammo xavfsizlik nuqtayi nazaridan yordam o‘z manziliga yetib borishi va HAMAS qo‘liga tushmasligi uchun G‘azoga yo‘l olgan barcha insonparvarlik yuklarini tekshirishda davom etadi”, deb yozadi Isroil Tashqi ishlar vaziri Eli Koen X platformasida.
Qayd etish joizki, bu Yaqin Sharqda urush boshlanganidan beri birinchi marta BMT Xavfsizlik kengashining hech bo‘lmaganda uzoq kelajakda “harbiy harakatlarni to‘xtatish” haqidagi so‘zlarni o‘z ichiga olgan rezolyutsiyani qabul qilishidir.
Harakatsizligi uchun tanqid qilingan Xavfsizlik Kengashida bir necha kun davomida keskin muzokaralar davom etdi. Dastlab 18 dekabrga belgilangan ovoz berish bir necha bor qoldirilgan.
Ma’lumot uchun, BMT Xavfsizlik Kengashi 11 haftalik urushda faqat bir marta, 15 noyabr kuni “gumanitar pauza”ga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qilib, sukunatni buzishga muvaffaq bo‘lgan. Yana beshta matn rad etilgan va Qo‘shma Shtatlar o‘z vetosini ikki marta qo‘llagan. Ayni paytda BMT gumanitar agentliklari G‘azo sektoridagi har to‘rt kishidan biri ochlikdan aziyat chekayotgani haqida ogohlantirmoqda.
LiveBarchasi