BMT Xavfsizlik Kengashi Falastin bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazmoqchi
Olam
−
10 noyabr 2023
3260BMT Xavfsizlik Kengashi bugun, 10 noyabr Falastin-Isroil mojarosi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi. Bu haqda BMT Bosh kotibi vakilining ofisi ma’lum qildi.
“Yaqin Sharqdagi vaziyat, jumladan Falastin masalasi mavzusidagi uchrashuv mahalliy vaqt bilan soat 15:00 da (Toshkent vaqti bilan 11 noyabr soat 01:00) bo‘lib o‘tadi.
O‘tgan oy BMT Xavfsizlik Kengashi Falastin-Isroil mojarosi bo‘yicha to‘rtta rezolyutsiya loyihasining birortasini ham qabul qila olmadi. Hozirda Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan "o‘nta" a’zosi o‘zlarining hujjatlarini ishlab chiqmoqdalar, ular avvalgi rezolyutsiya loyihalari qoidalarini o‘z ichiga olishi kutilmoqda.
Falastin-Isroil mojarosi
Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. 9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi.
Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi. Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.
LiveBarchasi