BMT Ilon Maskga xavotirga to‘la ochiq xat yo‘lladi
Olam
−
06 noyabr 2022
16174Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Volker Turk Twitter'ning yangi egasi Ilon Maskga ochiq xat yo‘llab, platforma boshqaruvida inson huquqlari markaziy o‘rinda turishi kerakligini aytdi. Bu haqda BBC nashri xabar bermoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan yo‘llangan ochiq xat amaliyotda kamyob hodisa bo‘lib, tashkilot odatda kompaniyalarga ochiq shaklda emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qiladi. Agar jiddiy qarama-qarshiliklar mavjud bo‘lsa, kompaniya ro‘yxatdan o‘tgan mamlakat hukumatini ham ishga jalb qiladi.
Volker Turk Twitter'ning yangi rahbariyatini noto‘g‘ri ma’lumot tarqatishdan ehtiyot bo‘lishga chaqirgan va foydalanuvchilarga tegishli shaxsiy ma’lumotlarning maxfiyligini himoya qilish muhimligini ta’kidlagan.
“Twitter bizning muloqot jarayonimizni o‘zgartirgan global inqilobning bir bo‘lagi. Ammo, men, endilikda umumiy raqamli makondagi Twitter'ning rolidan xavotirdaman. Muxtasar qilib aytganda, inson huquqlari sizning rahbarligingizdagi Twitter boshqaruvining e’tibor markazida ekanligiga ishonch hosil qilishingizni so‘rayman”, degan u.
Mask ijtimoiy tarmoqlardagi kontentni moderatsiya qilish uning qo‘l ostida ham davom etishini va’da qilgan bo‘lsada, Twitter endi nafratga yo‘g‘irilgan tvitlarini odatdagidek bloklamaydi, degan xavotirlar bor. Bunday fikr yuzaga kelishiga Mask, Donald Trampning akkauntini blokdan chiqarish niyati borligi va tarmoqni erkinroq platformaga aylantirishni mo‘ljallagani haqida bir necha bor gapirgani sabab bo‘lgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Twitter Ilon Mask tomonidan sotib olinganidan buyon, turli bo‘limlardagi 8000 ga yaqin xodimlarning yarmi ishdan bo‘shatilgan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 28 oktyabr kuni amerikalik tadbirkor Ilon Mask Twitter'ni 44 milliard dollarga sotib olgan edi