8 yashar bola oilasiga bo‘layotgan tahdidlar haqida videomurojaat qildi. Ishga Senat aralashdi

Jamiyat

2020 yil 23 fevral kuni 8 yoshli bola YouTube orqali videomurojaat yo‘lladi. Unda og‘ir sharoitda yashayotgan bola oilasidagi muammolarni ko‘tarib chiqqan.

Xabarlarga ko‘ra, Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi, senator Sanobar Suyarova murojaat egasi, 8 yashar Sultonov Muhammadalining uyiga shaxsan borib, vaziyat bilan atroflicha tanishgan. Ma’lum bo‘lishicha, bola Jizzax viloyati, Jizzax shahri, “Yoshlik” mahallasi, 2-yotoqxona, 10-xonada buvisi Husniya Salohiddinova bilan istiqomat qiladi. Aniqlik kiritilishicha, uning onasi Aziza Salohiddinova Rossiya Federatsiyasida istiqomat qiladi. Muhammadali Jizzax shahar xususiy maktabining 2-sinfida to‘lov asosida o‘qiydi.

Buvisining so‘zlariga ko‘ra, 2016 yilda Jizzax shahar hokimligi inson huquqlarini himoya qilish bo‘limi xodimi Alisher ismli shaxs, o‘z uyini Husniya Salohiddinovaga sotish vaji bilan ulardan 4 ming dollar va 2 mln. so‘m pulini aldov yo‘li bilan olib, ishidan ham bo‘shab, qochib ketgan. Shundan so‘ng buvisi Alisherni sudga bergan. Sud qarori bilan Alisher aybdor deb topilgan hamda  pullarni qaytarish bo‘yicha tilxat yozib bergan.

“Sud qaroridan so‘ng bolaning buvisiga nisbatan turli tahdidlar boshlangan. Xususan, 2020 yil 10 yanvar kuni u noma’lum shaxslar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tish  bahonasida ruhiy kasalliklar shifoxonasiga olib ketilgan, ruhiy kasal ekanligi bahonasida 3 soat ushlab turilgan. Biroq  tekshiruvdan so‘ng uning aqliy va ruhiy jihatdan sog‘lom ekanligi isbotlanib, uyiga qaytarib yuborilgan. O‘sha kundan beri Muhammadali buvisini ruhiy kasalliklar shifoxonasiga olib ketilishi mumkinligidan qo‘rqib, maktabga bormayotganligi aniqlandi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, ushbu masala senator tomonidan shahar hokimi bilan atroflicha muhokama qilingan. Natijada mablag‘ni undirish bo‘yicha Majburiy ijro byurosiga ko‘rsatma berilgan. O‘rnatilgan tartibda Husniya Salohiddinovaga moddiy yordam ko‘rsatish masalasi o‘rganiladigan bo‘ldi. Shuningdek, senator Sanobar Suyarova Muhammadali o‘qiyotgan maktab direktori bilan gaplashib, uning bepul ta’lim olishga erishgan.


Maqola muallifi

Teglar

Senat Jizzax

Baholaganlar

684

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing