BMT Bosh kotibi xavotirga tushib qoldi
Olam
−
31 mart 2023
20911Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi butun dunyo bo‘ylab hibsga olingan va o‘z ishini bajarishiga to‘sqinlik qilinayotgan jurnalistlarga nisbatan ta’qiblardan chuqur xavotirda. Bu haqda Nyu-Yorkdagi brifingda BMT rahbari matbuot kotibi Stiven Dyujarrik ma’lum qildi.
Dyujarrik Rossiya va Bangladeshda jurnalistlarning oxirgi hibsga olinishi haqidagi voqealarga to‘xtalib o‘tib, Antoniu Guterrishning pozitsiyasini bildirgan.
“Erkin matbuot – barchamiz yashashga intilayotgan dunyoning asosidir”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federal Xavfsizlik xizmati Yekaterinburgda “The Wall Street Journal” gazetasi muxbiri Evan Gershkovichni josuslikda gumon qilib hibsga olgan edi. Keyinchalik, AQSH Davlat departamenti Rossiyadagi barcha Amerika fuqarolarini zudlik bilan mamlakatni tark etishga chaqirdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda ham jurnalistlarning ta’qibga olinish holatlari uchrab turibdi. Shu yilning 27 yanvar kuni “Human” internet-nashri direktori Xurshid Daliyev, sayt bosh muharriri Muslim Mirzajonov va saytning boshqa xodimlari o‘zini “organ xodimlari” deb tanishtirgan shaxslar tomonidan olib ketilib, ofisi tintuv qilingan edi. Shundan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda sobiq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Matbuot xizmati rahbari Mavjuda Mirzayevaning ham hibsga olingani haqida ma’lumotlar tarqalgan edi.