BMT 2026 yilgi byudjetini 500 mln dollarga qisqartirmoqchi
Olam
−
17 Sentabr 3120 2 daqiqa
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2026 yil byudjeti bo‘yicha qayta ko‘rib chiqishni yakunladi va xarajatlarni 500 million dollardan ortiqqa qisqartirish taklif qilindi. Bu haqda tashkilot Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayta ko‘rilgan hisob-kitoblarga muvofiq, 2025 yilgi byudjet bilan solishtirganda xarajatlar 15,1 foizga, shtat birliklari esa 18,8 foizga qisqarishi kutilmoqda. Qisqartirishlar BMTning butun dunyo bo‘ylab missiyalarini ta’minlaydigan xodimlar va xizmatlarni moliyalashtirib kelayotgan tinchlikparvarlik operatsiyalari byudjetiga ham ta’sir qiladi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish qisqartirishlar sinchkovlik bilan hisoblangan va umumiy emas, balki maqsadli xarakterga ega ekanini ma’lum qilgan.
Moliyalashtirish qisqarishidan to‘g‘ridan to‘g‘ri a’zo davlatlarni qo‘llab-quvvatlaydigan dasturlar va tadbirlar, ayniqsa, eng kam rivojlangan, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan hamda kichik orol davlatlari, shuningdek, Afrika taraqqiyotiga oid tashabbuslar himoyalangan. Mintaqaviy iqtisodiy komissiyalar katta o‘zgarishlarga duch kelmaydi, Texnik hamkorlikning muntazam dasturi esa davlatlarning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashni mustahkamlash maqsadida kengayishda davom etadi.
Qo‘shimcha mablag‘lar asosan ko‘chmas mulk hisobidan tejab qolinishi rejalashtirilmoqda. Jumladan, 2027 yilga borib BMT Nyu-Yorkdagi ikkita ijaraga olingan binoni tark etadi. Ushbu choralar takrorlanishni qisqartirish, sifatni oshirish va mandatlardan kelib chiqadigan vazifalarni ta’minlashga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Antoniu Guterrish BMT Bosh assambleyasi arafasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Xavfsizlik Kengashini isloh qilishga chaqirgani haqida xabar berilgan edi. Guterrishning aytishicha, Xavfsizlik Kengashining tarkibi bugungi zamonaviy dunyoga mos kelmaydi.
Live
Barchasi