Blogerlar ustida qora bulut. Turkiya TikTok ustidan nazoratni kuchaytirmoqchi
Olam
−
04 dekabr 2023
6456Turkiya hukumati TikTok ijtimoiy tarmog‘i va uning mashhur blogerlari ustidan nazoratni kuchaytirish zarur deb hisoblaydi, chunki ularning mamlakatdagi faoliyati milliy xavfsizlik masalasiga aylangan. Bu fikrni “A Haber” telekanalida Erdo‘g‘an rahbarligidagi hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi a’zosi, raqamli media bo‘yicha parlament komissiyasi raisi Husayn Yayman bildirgan.
“Sudda ko‘rib chiqilayotgan ishlar bor [ushbu ijtimoiy tarmoqning eng mashhur blogerlari bo‘yicha]. Men bu masalalarda gapira olmayman, lekin ko‘cha-ko‘yda odamlar davlatdan o‘z farzandlari va oilalarini himoya qilishni, chora ko‘rishni so‘rashmoqda. Harakatlar kerak, bu odamlar ustidan huquqiy va moliyaviy nazorat bo‘lishi shart. Bu milliy xavfsizlik masalasiga aylandi”, deydi u.
Yaymanning aytishicha, 7 dekabr kuni parlament komissiyasi a’zolari TikTok’ning Yevroosiyo va Turkiyadagi rasmiy vakili Emir Gelen bilan muloqot qilishni rejalashtirmoqda. Ular unga ijtimoiy tarmoq yuzasidan ko‘plab shikoyatlar bilan mavjud vaziyatni tushuntirib berishadi va bu borada aniqlik kiritishni kutishadi.
Qonunchilarning Turkiyadagi TikTok faoliyatiga nisbatan asosiy shikoyati shundan iboratki, respublikada fenomen deb ataladigan bir qancha mashhur mahalliy blogerlarning xatti-harakatlari ko‘pincha ma’naviy va axloqiy qadriyatlar asoslariga zid keladi, bu borada jamiyatning muhim qismida yakdil fikr mavjud.
Yaymanning so‘zlariga ko‘ra, kelajak avlodning axloqiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan ushbu faoliyat bilan bog‘liq qoidalarni joriy etish kerak.
Shuningdek, u eng mashhur fenomenlardan ba’zilari namuna bo‘lishga da’vo qilganiga, lekin TikTok tarmog‘idagi uyatli videolari bilan aslida Turkiyaning 85 million fuqarosi uchun yomon o‘rnak bo‘lganiga e’tibor qaratdi.
Shu munosabat bilan qonunchilar blogerlar faoliyati, jumladan, ularning salmoqli ulushi muxlislar xayriyalari, shuningdek, reklamadan tushadigan daromadlari ustidan moliyaviy va soliq nazoratini joriy etish zarur, deb hisoblamoqda. Ular ijtimoiy tarmoqlar rahbariyati bilan mavjud da’volarning bir qismini hal qilishni kutmoqdalar, biroq ba’zi tartibga solish tamoyillari tez orada parlamentda muhokama qilinadigan yangi qonun loyihalariga kiritiladi.
Yaymanning tushuntirishicha, uning qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash vakolatiga ega emas, lekin u regulyatorlarga muayyan choralarni tavsiya qilishi mumkin. Shu bilan birga, mumkin bo‘lgan chora-tadbirlar qatoriga, uning so‘zlariga ko‘ra, litsenziyalarni bekor qilish, reklamani taqiqlash, shuningdek, kontentni e’lon qilish uchun muayyan standartlarni joriy etish kiradi.
LiveBarchasi