Bloger Abduqodir Mo‘minov hibsda vafot etdimi? Prokuratura va IIV munosabat bildirdi
3-sahifa
−
22 fevral 2023
51231Ijtimoiy tarmoqlarda kuni kecha hibsga olingan bloger Abduqodir Mo‘minovning tergov vaqtida qiynab o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ’ga Mo‘minovning tergov paytida vafot etgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
Uning aytishicha, bloger “tirik va sog‘lom”.
Shuningdek, uning tirik ekanini Mo‘minovning sobiq advokati Bobur Muqaddamov ham tasdiqladi.
“Tavba! Tirik, soppa-sog‘ odamni o‘ldiga chiqarishadi-ya. Hozir gaplashdim tergovchi bilan. Sog‘-salomat, kelib ko‘rib ketishingiz mumkin deyishdi”, deya o‘zining Facebook sahifasida post yozgan Muqaddamov.
Advokatning so‘zlariga ko‘ra, Abduqodir Mo‘minov uning xizmatidan voz kechgan.
“Negadir hammaga shubha bilan qarayapti. O‘zimni maqtashmasu, men uni aniq himoya qila olgan bo‘lardim”, deydi u.
IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ham QALAMPIR.UZ’ga Mo‘minovning o‘limi haqidagi xabarlar “Fake” ekanini aytib, bu mish-mishlar blogerning yaqinlari tomonidan omma e’tiborini tortish maqsadida uyushtirilganini ma’lum qildi.
Shuningdek, u tahririyat muxbirining “Agar bloger rostdan ham tirik bo‘lsa, buni uning o‘zi, ahvoli haqida batafsil ma’lumot berib, video orqali ma’lum qilishi mumkinmi?” degan so‘roviga barchasi qonuniy amalga oshirilayotgani, advokat u bilan bemalol gaplashishi mumkinligi, tizim har bir mahkumning ahvoli haqida videoma’lumot bera olmasligi bilan javob qaytardi.
Avvalrpoq, Toshkent shahri IIBBga fuqaro E.Z. ariza bilan murojaat qilib, blogerlik bilan shug‘ullanuvchi Abduqodir Mo‘minovning harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘raganini, uning murojaat asosida tekshiruv o‘tkazilganini ma’lum qilgandi.
Mo‘minov 2021 yil oktyabr oyida tanqidiy videolavhalar tayyorlash va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish orqali fuqaro E.Z.ning ukasi D.Yu.ning nomiga rasmiylashtirilgan MCHJ bilan bog‘liq holat yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB tergov bo‘limi ish yurituvidagi jinoyat ishini ijobiy hal etishga IIB xodimlarini go‘yoki majbur qila olishini aytib, shu orqali E.Z.ning ishonchiga kirgani aytilmoqda.
IIV ma’lumotida u o‘z xizmatlari uchun jami 10 000 dollar so‘rab, shundan 3800 dollarni oldindan olgani, lekin bergan va’dasini bajarmay, olgan pullarini o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgani keltirilmoqda.
“Bundan tashqari, 2021 yilning oktyabr oyida A.Mo‘minov Jizzax viloyatida fuqaro A.T. bilan uchrashib, uning rahbarligi ostidagi tashkilot to‘g‘risida salbiy yo‘sinda videolavha tayyorlaganini, ushbu materialni o‘zining “Ko‘zgu” nomli ijtimoiy tarmoq sahifasi orqali tarqatadigan bo‘lsa, tashkilot rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olinishini aytib, A.T.ni o‘z mulkini berishga majbur qiladigan sharoitga solib, A.T.dan ushbu ma’lumotlarni sir saqlashi uchun 70.000 AQSH dollari so‘ragan”, deyilgan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabarida.
Qayd etilishicha, murojaatchi o‘z ko‘rsatuvlarining tasdig‘i sifatida Abduqodir Mo‘minov bilan o‘rtasidagi so‘zlashuvlar audioyozuvini taqdim etgan va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Holatlar yuzasidan unga nisbatan shahar IIBB tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik), 165-moddasi (Tovlamachilik) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va protsessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
LiveBarchasi