Blinken Pashinyan bilan Qorabog‘ va Ukraina bo‘yicha gaplashib oldi

Olam

image

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat chog‘ida mintaqaviy masalalar, jumladan, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida yaqinda kuchaygan taranglikni tilga olingan. Bu haqda AQSH Davlat departamenti rasmiy vakili Ned Prays bayonotida aytiladi. 

“Blinken AQSH va Armaniston hamkorligi muhimligini va Vashingtonning Janubiy Kavkazning tinch, demokratik va farovon kelajagi yo‘lidagi sa’y-harakatlarga sodiqligini ta’kidladi”,  deyiladi bayonotda. 

Tomonlar Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi keskinlikni, xususan Qorabog‘ atrofidagi vaziyatni ham muhokama qilgan

“Blinken so‘nggi paytlarda Armaniston va Ozarbayjon kuchlari o‘rtasidagi taranglik haqidagi xabarlarga e’tibor qaratdi, muhim muammolarga keng qamrovli yechimlar ishlab chiqish uchun tomonlarni vazminlik ko‘rsatishga va diplomatik sa’y-harakatlarni faollashtirishga chaqirdi”, deydi u. 

Praysga ko‘ra, Amerika diplomatiyasi rahbari Armanistonda demokratik islohotlarni davom ettirishni qo‘llab-quvvatlaydi. 

Shuningdek, muloqotda Rossiya-Ukraina urushi mavzusiga ham to‘xtalib o‘tildi. 

Bliken G‘arbning Rossiya Federatsiyasi va Belarusga hamda Ukrainaga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlovchilarga bosim o‘tkazishda davom etishga tayyorligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 mart kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron bilan telefon orqali muloqot qilib, Ozarbayjon tinchlik tarafdori ekani va Armaniston bilan hududiy yaxlitlik, suverenitet va xalqaro miqyosda tan olingan chegaralar daxlsizligi kabi xalqaro huquqning fundamental tamoyillariga asoslangan tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralarni boshlashga tayyorligini ma’lum qilgan edi. 

Qorabog‘ urushi 

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib olishdi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10-siga o‘tar tunda “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Shunisi aniqki, urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Armaniston Qorabog'

Baholaganlar

37

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing