Xitoy Rossiyaga yordam berishni to‘xtatmasa, AQSH chora ko‘radi – Blinken
Olam
−
27 aprel
6782Qo‘shma Shtatlar Rossiya harbiy-sanoat kompleksiga go‘yoki mahsulot yetkazib berishni to‘xtatmasa, Xitoyga qarshi chora ko‘radi. Bu haqda kecha, 26 aprel kuni Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashgan va XXR Raisi Si Szinpinning qabulida bo‘lgan Amerika Davlat kotibi Entoni Blinken BBC'ga bergan intervyusida aytdi.
“Agar Xitoy nafaqat biz bilan, balki Yevropa mamlakatlari bilan ham munosabatlarni yaxshilashni istasa, u bir vaqtning o‘zida Sovuq urush tugaganidan beri Yevropa xavfsizligiga eng katta tahdidni kuchaytira olmaydi. Biz bunga aloqador bo‘lgan Xitoy sub’ektlariga qarshi chora ko‘rdik va bugungi uchrashuvda men agar Xitoy bu borada hech qanday chora ko‘rmasa, biz harakat qilamiz, deb aytdim”, deydi Blinken.
Amerika diplomatiyasi rahbari Vashington qanday qadamlar tashlashga tayyorligi haqidagi savolga javob berishdan bosh tortdi. Shu bilan birga, u Amerika tomoni Rossiya Federatsiyasiga ikki tomonlama maqsadli mahsulotlar yetkazib berishda ayblayotgan 100 dan ortiq xitoylik kompaniya va tashkilotlarga nisbatan Qo‘shma Shtatlar allaqachon sanksiyalar yoki eksport cheklovlarini joriy etganini ta’kidladi.
"Biz yangi choralar ko‘rishga to‘liq tayyormiz", degan Blinken.
AQSH Davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, Xitoy Rossiyaga dastgohlar, mikroelektronika va optika, shuningdek, boshqa ikki maqsadli tovarlar yetkazib beruvchi eng yirik davlat hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva bu mahsulotlardan o‘zining mudofaa-sanoat kompleksini mustahkamlash uchun foydalanadi.
Ma’lumot uchun, 24 aprel kuni Amerika diplomatiyasi rahbari Shanxayga borgan va XXRga amaliy tashrifini boshlagan. U 26 aprelga qadar Xitoyda bo‘ladi. Blinkenning tashrifi oldidan o‘tkazilgan brifingda Xitoy TIV vakili Qo‘shma Shtatlar Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi normal munosabatlarni qoralamasligi kerakligiga e’tibor qaratdi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Pekin Ukrainadagi mojaroda ishtirok etmasligini bir necha bor ta’kidlagan va Xitoyning Rossiya Federatsiyasiga qurol yetkazib bergani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirgan.
LiveBarchasi