Blinken Fidan bilan Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi

Olam

image

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan bilan Suriya va G‘azo sektoridagi vaziyatni muhokama qildi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti xabar berdi.

“Davlat kotibi Blinken va Turkiya Tashqi ishlar vaziri Fidan Halab va boshqa joylardagi zo‘ravonliklarni kamaytirish, fuqarolar hamda infratuzilmani himoya qilish zaruratini muhokama qildi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Blinken va Fidan G‘azo sektordagi gumanitar sa’y-harakatlar, urushni to‘xtatish va barcha garovga olinganlarni ozod qilish zaruratini muhokama qilgan.

Ma’lumot uchun, o‘tgan haftada hukumatga qarshi qurolli guruhlar Suriyaning Idlib va Halab provinsiyalarida hujumlar boshlagandi. Terrorchilar bir qator aholi punktlarini tezda nazoratga olishga erishgan. Xususan, ular Halab shahrining muhim qismini, jumladan, markaziy tumanlarni nazorat qilayotgani aytilmoqda. Bundan tashqari, shahar aeroporti ham yopilgan.

Suriya ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, mamlakat qo‘shinlari Hama provinsiyasi va Idlibning janubiy hududlariga chiqish yo‘llarida mudofaa chiziqlarini mustahkamlagan. Hukumatga qarshi qurolli guruhlarga nisbatan havo hujumlari amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi rossiyalik mavqedoshi Sergey Lavrov bilan telefon orqali suhbatlashib, Suriyadagi vaziyatni muhokama qilgan edi. Suhbat chog‘ida har ikki tomon Suriyada qurolli guruhlar tomonidan Halab va Idlib viloyatlarida sodir etilgan terrorchilik hujumi munosabati bilan vaziyatning xavfli keskinlashuvidan xavotir bildirib, Suriya suvereniteti va hududiy yaxlitligini qat’iy qo‘llab-quvvatlashlarini tasdiqlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Entoni Blinken

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing