Bler G‘azoni boshqaradimi? Misr buni qo‘llab-quvvatlamoqda

Tahlil

image

G‘azodagi otashkesim kuchga kirgan paytda Donald Tramp Yaqin Sharqqa yo‘l oldi va jurnalistlarga Toni Blerning Falastin hududining kelajagidagi ehtimoliy roli muhokama qilinayotganini aytdi.

“Menga Toni yoqadi, u menga doimo yoqqan. Ammo uni hamma qabul qila oladimi-yo‘qmi, shuni aniqlamoqchiman”, dedi AQSH Prezidenti.

Blerning Yaqin Sharqdagi faoliyati, aytish mumkinki, juda bahslidir. Uning G‘azo urushi tugaganidan so‘ng hududni boshqarishda qatnashishi haqidagi Vashington taklifi arab dunyosida shubha va hatto nafrat bilan qarshi olindi. Biroq Misrda bunday emas. Bu haqda manbalariga tayanib, “Middle East Eye” yozdi.

O‘tgan hafta Sharm-al-Shayxda bo‘lib o‘tgan sammitda Isroil va HAMAS o‘rtasidagi otashkesim kelishuvini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan anjumanda Bler Tramp va boshqa jahon yetakchilari bilan birga qatnashdi.

U yerda uni Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi samimiy qarshi oldi. Bu ularning ilgari shakllangan yaqin munosabatlarini va Britaniya sobiq bosh vaziriga ochiq qo‘llab-quvvatlash ifodasini namoyon etdi.

Hokimiyatni tark etganidan so‘ng, 72 yoshli Bler va uning “Toni Bler instituti” (TBI) bir qator hukumatlarga maslahat xizmatlarini ko‘rsatib kelgan. TBI 2014 yilda general Sisi Misrning ilk demokratiya yo‘li bilan saylangan prezidenti Muhammad Mursiyni ag‘darganidan so‘ng Bler uning maslahatchisi bo‘lgani haqidagi xabarlarni rad etgan. Biroq “Middle East Eye” nashrining Misr Prezidenti ma’muriyatidagi manbasiga ko‘ra, Bler Misrga hamda uning ittifoqchilari – BAA va Saudiya Arabistoniga maslahat bergan.

“2014 yilda, Bler BAAga maslahat berib turgan paytda – u yer Toni Bler instituti faoliyatini ham moliyalashtiradi – Abu-Dabi uni Sisi hokimiyatga kelganidan so‘ng Qohiraga yuborgan. BAA Blerning Misrdagi faoliyatini moliyalashtirgan va u Sisiga ko‘plab siyosiy va iqtisodiy maslahatlar bergan, shuningdek, hukumatning Mursiy ag‘darilganidan keyingi imijini yaxshilash bo‘yicha strategiyalar ishlab chiqqan”, dedi manba.

TBI vakilining bildirishicha, Bler “BAA yoki boshqa bir davlatdan” Sisining maslahatchisi sifatida haq olmagan, “biroq u yillar davomida Sisi bilan ko‘p marta uchrashgan”.

“TBI hozirda Misrda faoliyat yuritmaydi, ammo u yerda ishlashdan xursand bo‘lar edi”, dedi institut vakili.

Siyosiy islom dushmani

Blerning Misr hukumati bilan munosabatlari o‘zaro manfaatlar asosida qurilgan: siyosiy islomga qarshi kurash, G‘arb va Ko‘rfaz mamlakatlaridan mablag‘ jalb etish hamda mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash.

“Bler, asosan, Musulmon birodarlar harakatini, muxolifat kuchlarini va ommaviy axborot vositalari ta’sirini qanday boshqarish haqida maslahat bergan, shunda Sisining hukumati barqaror bo‘lishi mumkin edi”, dedi manba.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Bler iqtisodiy maslahatlar ham bergan – Sisiga Xalqaro valyuta jamg‘armasi (IMF) va Yevropa Ittifoqi kabi xalqaro kredit tashkilotlaridan qarz olishni tavsiya qilgan va ular bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif etgan.

Manbaning ta’kidlashicha, Blerning roli rasmiy bo‘lgan, ya’ni “soha orqali” emas, ammo ommaga e’lon qilinmagan.

“Avvaliga Bler mustaqil maslahatchi sifatida BAA tomonidan maosh olgan. Endi esa u o‘z instituti orqali Misr hukumatiga maslahat beradi va to‘lovni to‘g‘ridan to‘g‘ri Qohiradan oladi”, dedi manba.

Toni Bler instituti (TBI) esa uning Misrdan yoki boshqa davlatlardan hukumat maslahati uchun haq olganini rad etgan. 

Manbaning ta’kidlashicha, Qohira Blerning G‘azo uchun taklif etilayotgan ma’muriy kengashni boshqarishiga qarshilik qilmaydi.

“Aksincha, Sisining hukumati Blerni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Bler siyosiy islom, jumladan, HAMASning qat’iy qarshi turuvchisi bo‘lib, islomchilarni siyosiy hayotdan chetlashtirish tarafdori”, dedi u.

Hokimiyatga kelganidan beri Sisi sobiq prezident Muhammad Mursiy a’zo bo‘lgan Musulmon birodarlar harakatini taqiqladi va siyosiy islom tahdidiga qarshi kurashish bahonasida qattiqqo‘l choralar ko‘rdi.

“Sisi uchun Bler faqat ittifoqchi emas, balki uning aksidir: har ikkalasi ham siyosiy islomni beqarorlikning ildizi deb hisoblaydi. Ularning ittifoqi avtoritar boshqaruvga g‘arbona, qonuniy tus bermoqda – buning hammasi ekstremizmga qarshi kurash shiori ostida amalga oshirilmoqda”,  nashr bilan gaplashgan Qohiradagi siyosiy tahlilchi.

Elchidan siyosiy vositachiga aylangan Bler

Bosh vazirlik davrida Toni Bler AQSH bilan hamkorlikda Iroqqa Britaniya qo‘shinlarini kiritgan edi – bu qaror minglab odamlar qurboniga aylangan qonli mojaroni va uning halokatli oqibatlarini keltirib chiqardi.

Dauning-stritni tark etgach, u Falastin va Isroil o‘rtasida vositachilik qilishga harakat qildi, ammo Yaqin Sharq to‘rtligi (Middle East Quartet) elchisi sifatidagi missiyasi samarasiz yakunlandi.

Shunga qaramay, Toni Bler instituti (TBI) orqali uning xalqaro maydondagi ta’siri kengayib borayotgani va islomiy harakatlarga nisbatan ideologik pozitsiyasi Qohira va uning ittifoqchilari nega uni G‘azoning o‘tish davrini boshqarish uchun amaliy tanlov deb hisoblashini tushuntiradi.

“Blerning G‘azo masalasida yana sahnaga chiqishi tasodif emas – u o‘zini zamonaviy Britaniya hukmdori, ya’ni “oliy komissardek” (1920–1925 yillarda Falastinni boshqargan, bahsli shaxs sifatida tanilgan sionist Gerbert Samuel nazarda tutilmoqja) tutayapti.  Bler G‘azo boshqaruvida muhim rol o‘ynashi kutilmoqda”, deydi Misr Prezidenti maslahatchisi.

U Blerning yaqinda Falastin ozodlik tashkiloti rahbar o‘rinbosari Huseyn ash-Shayx bilan uchrashuvini “oddiy diplomatik muloqotdan ancha chuqur siyosiy ahamiyatga ega voqea” deb atadi. Uchrashuvdan so‘ng Huseyn ash-Shayx Tramp, Bler va boshqa sheriklar bilan hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi, ammo ularning nomlarini oshkor etmadi.

Misr Prezidenti maslahatchisining ta’kidlashicha, yangi tashkil etilayotgan tuzilma – G‘azo xalqaro o‘tish boshqarmasi (GITA) – Sinay yarim orolidagi Al-Arish shahrida joylashishi kutilmoqda.

“Bu G‘azo va Misr o‘rtasida logistika va xavfsizlik hamkorligini ta’minlaydi, bu esa tiklanish bosqichiga yo‘l ochadi”, dedi u.

Maslahatchiga ko‘ra, Qohira G‘azoni tiklash uchun besh yillik reja tayyorlamoqda. Bu Misrning G‘azo hududini qayta qurishda yetakchi rolni egallash va uning siyosiy kelajagida o‘z ta’sirini mustahkamlash istagini aks ettiradi.


Maqola muallifi

Teglar

G'azo Toni Bler

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing