Biznesning elektr va gaz uchun oldindan to‘lovi 15 foizga tushiriladi
Jamiyat
−
12:27 714 2 daqiqa
O‘zbekistonda ASKUE va ASKUG tizimiga ulangan, to‘lov intizomini buzmagan korxonalar uchun avans 15 foiz bo‘ladi. Bu haqda bugun, 18 avgust kuni Prezidentning Xivada bo‘lib o‘tayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, ko‘p tadbirkorlar elektr energiyasi va gaz uchun 100 foiz oldindan to‘lov qilish aylanma mablag‘ni qisqartirayotganini bildirgan. Endi ASKUE va ASKUG tizimiga ulangan, to‘lov intizomini buzmagan korxonalar uchun avans 15 foiz bo‘ladi.
“Umuman, energetika bo‘yicha boshqaruv tizimini tubdan o‘zgartiryapmiz. Barcha tumanlarda tadbirkorlarning hozirgi ehtiyoji va ertangi rejasiga qarab ishlaydigan yangi tizim bo‘ladi”, deydi Prezident.
Kelasi yildan qurilish sohasida pudratchi va loyihachilar o‘sishini rag‘batlantiradigan yangi yondashuv joriy etiladi. Qurilish qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, har bir ishchi-soat uchun eng kam ish haqining 5 foizi miqdorida mablag‘ rejalashtiriladi.
Davlat ob’ektlari smetasida pudrat korxonalari uchun 7 foiz foyda ko‘zda tutiladi. Qurilish murakkabligiga qarab loyihalash ishlariga ob’ekt qiymatining 4-7 foizigacha mablag‘ ajratiladi.
Davlat rahbari uchinchi yo‘nalish sifatida “sun’iy intellekt – boshqaruv samaradorligi – yangi investitsiyalar” ekotizimini yaratish vazifasini belgilagan.
“Bugun qaysi tadbirkor qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirsa, sun’iy intellekt yordamida unumdorlikni oshirsa, tannarx bo‘yicha izlansa, ertangi bozor uniki”, deydi Prezident.
Live
Barchasi