Bizga 3 oy kerak – Abduqodir Toshqulov oliy ta’limni isloh qilishga va’da berdi
Jamiyat
−
11 fevral 2021
9113O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov 3 oy muddatda oliy ta’lim muassasalari rektorlarini qog‘ozbozlikdan xalos qilmoqchi. Bu haqda u Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimidagi boshqaruv kadrlari yig‘ilishida aytib o‘tdi.
“Men vazirlikka kelib, to‘rtta viloyatga borgan bo‘lsam, ularning birortasida mahalliy hokimliklar va rektorlar o‘rtasidagi munosabat maqtagulik emas.
Men bungacha og‘ir viloyatlardan birida ishlab keldim. Ana shu joyda 3 yil rektor bo‘lgan bo‘lsam, 3 nafar viloyat hokimi bilan ishlashimga to‘g‘ri keldi. Buning azobini boshidan o‘tkazgan odam hozir tasavvur qilyapti. Qanchalik qiyin. Shuning uchun birinchi masala – hurmatli rektorlar, mavqeyingizni qayta ko‘rib chiqing.
Rektorlar va direktorlar qaysi yig‘ilishlarga borishi kerak? Qaysi yig‘ilishlarga bormasligi kerak? Vazirlik bugundan boshlab buni muvofiqlashtiradi. Hukumatga xat kiritamiz. Munosabatimizni bildiramiz”, degan vazir.
Toshqulov oliy ta’lim tizimi va vazirlik ishida qog‘ozbozlik avj olib ketganini aytib, bunga qarshi kurashishi, barcha hujjatlar maksimal darajada elektronlashtirilishini ta’kidladi. Shuningdek, vazirlik xodimlari ish yuritishni o‘rganish kerakligi ham qo‘shimcha qilindi.
“Men qisqa davrda vazirlikda ko‘rgan holatlarim haqida fikrimni bildirmoqchiman. Qog‘oz, qog‘oz, qog‘oz.
Bugun biz kelishib oldik va kerak bo‘lsa, o‘zim boshchiligimda Adliya vazirligiga borib ish o‘rganamiz.
Biz IT'dan foydalanish, vazirlik ish yuritishini eksport qilishimiz kerak edi. Ming afsuski, hozirga kelib biz borib o‘rganishga majburmiz. Vazirliklar tizimida bir-ikki olimi bo‘lishini orzu qiladiki, “olimlar bor joyda fayz-u baraka bo‘ladi. Donishmandlarcha fikrlar, takliflar bo‘ladi, ishimiz yaxshi bo‘ladi”, deyishadi. Biz hammamiz olimmiz, lekin vaziyatni aytguligi yo‘q”, deydi Toshqulov.
Vazir so‘zida davom etib, tashkilotning o‘zi joylashgan bino ham juda eski va aslida o‘quv binosi ekaniga to‘xtaldi. Toshqulov vazirlik xodimlari yetarlicha ish joyi bilan ta’minlanmaganini va bu muammo qanday hal qilinishini aytib o‘tdi.
“Ishlarni o‘zimizning vazirlikdan boshlayman. O‘tirgan binomiz 1979 yilda qurilgan. Sobiq kinotexnika texnikumining binosi. Binoning yerto‘lasi yo‘q. Birinchi qavati to‘liq zax bosib ketgan. Xodimlar “Pentium 4” kompyuterlarini ishlatyapti. Qisqasi, o‘ziga yarasha moddiy-texnik baza. O‘zingiz ham kelganingizda turmay qochishga harakat qilgansiz, o‘zim ham shunday bo‘lganman.
Biz xodimlar bilan vazirlik binosini to‘liq kapital ta’mirlash, ishlash uchun sharoit yaratish, buning uchun vazirlikning hozirgi binosi yonidan 5 qavatli yangi bino qurish bo‘yicha kelishib oldik.
Hisob-kitobga ko‘ra, hozir vazirlik xodimlari normaga mos bo‘lmagan juda qisqa va tor joyda ishlayapti. Tasavvur qiling, bitta kichik xonada 3–4 nafar odam ishlayapti. Ular shunchalik qisilib ishlashyapti.
Masalan, vazirlikning hisob-kitobi bo‘yicha boshqarma boshlig‘i 1,5 metrli joyda ishlaydi; qimirlasa, boshida devor. Shuncha puli va imkoniyati bo‘lgan tizim. U o‘ziga sharoit, imkoniyat qilmasa, qanday ishlaydi?”, degan Toshqulov.
Shundan so‘ng, u tizimdagi qog‘ozbozlik muammosiga e’tibor qaratib, hujjatlar elektronlashtirilishi va rektorlar qog‘ozlar bilan kam ishlaydigan kunlar yaqin ekanini ta’kidladi.
“Ikkinchisi, qog‘ozlar masalasi. Qog‘ozni kamaytirishga erishganimiz yo‘q, endi erishamiz. Xudo xohlasa, rektor 3 oydan keyin iloji boricha qo‘liga qog‘oz ushlamaydi. Elektron bo‘ladi. Ular QR-kod, elektron imzo bilan ishlaydi.
Ularga yuqoridan vazifalar yuborishda takrorlanishlar juda ko‘p. Rektorlarga hozir viloyat hokimligidan ham, vazirlikdan ham bir xil xat boradi. Kim uni muvofiqlashtiradi?
Umuman, oliy ta’lim muassasasida ishlab, ularga nima yoqmagan bo‘lsa, nimadan qiynalgan, nima erish tuyulgan bo‘lsa, hammasi isloh bo‘ladi. Bular uchun bizga atigi 3 oy vaqt kerak bo‘ladi”, dedi vazir.
Qayd etilishicha, Vazirlik bilan integratsiya juda past va sust. OTM rektori yordamchisi vazir yordamchisi bilan qariyb gaplashmaydi.
“Bugun men vazirlikda xonalarni aylandim, xalqaro bo‘limga kirdim. “Nechta oliy ta’lim muassasangizda bu bo‘limda vakansiya bor” desam bilmaydi. Nimani biladi? Nima ish bilan shug‘ullanadi? Umuman shunday tizim bo‘ladi — vazirlik OTMlar ahvolini so‘rab turadi. Kerak bo‘lsa har kuni axborot berasizlar. Vaziyat qanday, COVID bilan kasallanganlar yo‘qmi, qurilish bo‘layotgan bo‘lsa, u qanday ketayapti, dars sifati qanaqa — bugundan boshlab monitoring qilamiz” dedi Abduqodir Toshqulov.
Shu bilan birga qaysi viloyatda qaysi OTMlar bir hafta mobaynida necha marta, nechchi soat yig‘ilishga borishi ham qonuniy belgilanadi.
Avvalroq, Abduqodir Toshqulov OTMlar talabalarining o‘ziga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb qilinishini qoralagandi. U talabalarning o‘qishdan boshqa ishlarga jalb etilishi majburiy mehnatning bir turi ekanini aytib, bu ham rasman taqiqlanishi kerakligini ta’kidlagandi.
LiveBarchasi