Fermer dalaga reja uchun emas, daromad uchun kirishi kerak - Prezident

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 21 may kuni Andijon viloyatiga tashrif buyurishi haqida xabar berilgan edi. Davlat rahbari dastlab viloyatning Oltinko‘l tumanidagi “Ko‘hna vodiy bahori” fermer xo‘jaligida bo‘lib, g‘alla va g‘o‘za rivojini ko‘zdan kechirdi.

“Iqlim sharoiti yurtimizga o‘xshash xorijiy davlatlarda paxtadan 70 sentnergacha hosil olishadi. Qanday qilib? Ilm bilan, aql bilan. Andijonda yer kamligini hisobga olib, undan ikki karra samarali foydalanish zarur. Ishsiz, daromadi yetarli bo‘lmagan minglab odamlar bor. Ishimizga o‘shalarning ko‘zi bilan baho berishimiz kerak“, deydi Prezident.

Davlat rahbari g‘o‘za qator oralariga soya ekish bo‘yicha Andijon tajribasini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

“Fermer dalaga reja uchun emas, daromad uchun kirishi kerak. Soya ekilsa, bitta maydondan ikki barobardan ziyod daromad olish, yana ko‘proq odamlarni ish bilan ta’minlash mumkin. Undan olinadigan moy ham, omixta yem ham juda sifatli, bozorbop. To‘g‘ri, bu qiyin. Lekin qaysi ish oson?“ deya savol qo‘ydi Shavkat Mirziyoyev.

Agrotexnologiyalarni rivojlantirish maqsadida Toshkent davlat agrar universitetining Andijon viloyati filiali negizida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida alohida oliy ta’lim muassasasi tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

Ma’lum qilinishicha, “Ko‘hna vodiy bahori” fermer xo‘jaligining umumiy yer maydoni qariyb 76 gektar. Joriy yilda g‘allaning har gektaridan 20, paxtadan 10 sentnerdan qo‘shimcha hosil yetishtirish rejalashtirilgan. G‘alla hosildorligi 81 sentner bo‘lishi kutilmoqda. Fermer xo‘jaligida 60 kishi doimiy va mavsumiy ish bilan ta’minlangan. Chorvachilik, asalarichilik yo‘lga qo‘yilgan.

Shu yerda paxtachilik, g‘allachilik va meva-sabzavotchilik klasterlari hamda chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Davlat rahbari qayta jihozlangan avtobusda tashkil etilgan sayyor laboratoriya bilan ham tanishdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Andijon

Baholaganlar

113

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing