Biz uchinchi jahon urushini boshlamoqchi emasmiz – Bayden
Olam
−
10 noyabr 2022
5733Amerika Qo‘shma Shtatlari ma’muriyati Ukraina rasmiylarining barcha so‘rovlarini bajarmayapti va Ukraina uzra uchish taqiqlangan hudud yaratishdan, shuningdek, HIMARS yalpi raketa tizimlarini uzoq masofali raketalar bilan ta’minlashdan bosh tortdi. AQSH uchinchi jahon urushini boshlamoqchi emas. Bu haqda kecha, 9 noyabr kuni kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden Oq uyda jurnalistlar savollariga javob aytib o‘tdi.
Undan AQSH Ukrainaga doimiy asosda yordam berishda davom etadimi, degan savol so‘raldi.
“Bu mening taxminlarim. Aytgancha, biz Ukrainaga kart-blansh (Cheksiz vakolatlar, to‘liq harakat erkinligi) bermadik. Biz Ukraina uchun ko‘p ish qilganimiz yo‘q. Biz uchinchi jahon urushini boshlamoqchi emasmiz, Rossiya samolyotlarini urib tushirmoqchi emasmiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri jangga kirishmoqchi emasmiz”, deb javob berdi davlat rahbari.
Shuningdek, u Vashington Kiyevga HIMARS yalpi raketa tizimini uchish masofasi 965 kmdan oshadigan raketalar bilan ta’minlash niyatida emasligini ta’kidladi.
“Men ular Rossiya hududini bombardimon qilishni boshlashlarini xohlamayman”, deb qo‘shimcha qildi Bayden.
Prezident Ukraina o‘zini himoya qilishi uchun vositalar bilan ta’minlanishini aytdi.
“Biz ularga [Ukrainaga] o‘zlarini himoya qilishlari uchun barcha oqilona vositalarni beramizmi? Ha. Biz ular o‘zlarini himoya qila olishlariga ishonch hosil qilishni xohlaymiz. Juda ko‘p narsa xavf ostida”, deydi Prezident.
U respublikachilar AQSH Kongressi Vakillar palatasi ustidan nazoratni qo‘lga kiritgan taqdirda, Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlash uchun mablag‘ ajratishdan bosh tortishiga shubha bildirdi.
Hududiy imtiyozlar haqida
Baydenning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar ehtimoliy hududiy imtiyozlar masalasini Ukrainaning o‘zi hal qilishi kerak, deb hisoblaydi va Vashington buni Kiyevdan talab qilmoqchi emasligidan ogohlantirdi.
“Biz [Ukrainaliklarga] nima qilish kerakligini aytmoqchi emasmiz.Ular [Ukraina] qishda nima qilishlarini, murosa qilish yoki qilmaslikni hal qilmoqchi. Ular nima qilishlarini bilmayman”, deydi Oq uy egasi.
Xerson viloyatidagi rus qo‘shinlari tez orada olib chiqiladi va Dneprning chap qirg‘og‘ida mudofaa pozitsiyalarini egallaydi. Bunday buyruq kecha, 9 noyabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligi rahbari Sergey Shoygu tomonidan maxsus harbiy operatsiya zonasidagi qo‘shma guruh qo‘mondoni Sergey Surovikin taklifiga ko‘ra berilgan.
LiveBarchasi