Biz Rossiya hujumiga tayyormiz – NATO
Olam
−
19 yanvar
11544NATO Rossiyaning ehtimoliy hujumiga tayyor. Bu haqda kecha, 18 yanvar kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida alyans Harbiy qo‘mitasi raisi Rob Bauer va Yevropadagi ittifoqchi kuchlar oliy qo‘mondoni Kristofer Kavoli ma’lum qildi.
"Biz mudofaa ittifoqimiz, shuning uchun biz tayyor bo‘lishimiz kerak va tayyormiz ham. Shu bilan birga, biz harbiy imkoniyatlarimizni oshiryapmiz, ma’lum sohalarda ko‘proq malakaga ega bo‘lgan xodimlarni ko‘paytirdik", degan Bauer.
NATO qo‘mondonligi vakillari alyans strategiyasi va rejalarida ikki tahdid – Rossiya va terrorchi guruhlar tasvirlanganini eslatdi.
"Biz ishlab chiqqan va Vilnyusda ma’qullangan rejalarimiz Rossiyadan kelayotgan tahdidga qarshi turishga qaratilgan", deydi NATO Harbiy qo‘mitasi rahbari.
O‘z navbatida, Kavoli ham NATO bunga tayyor ekanini bildirib, fevral oyida so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik to‘rt oylik mashqlar boshlanganini e’lon qildi. 90 mingga yaqin odam ishtirok etadigan mazkur mashg‘ulotlarda "deyarli teng dushman" bilan mojaro simulyatsiya qilinadi. Manyovrlar Norvegiyadan Ruminiyagacha bo‘lgan Yevropa hududini qamrab oladi. DPA agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, “Steadfast Defender” manyovr ssenariysi Rossiyaning ittifoqdosh hududga hujumi bo‘lib, bunda NATO jamoaviy mudofaa shartnomasining 5-moddasini ishga soladi.
Bauerning so‘zlariga ko‘ra, mashg‘ulotlarning bunday ko‘lami alyansning salohiyati namoyishidir.
“Bu biz butun ittifoq bo‘ylab, okean ortiga, Amerika Qo‘shma Shtatlaridan Yevropagacha bo‘lgan ushbu miqyosdagi mashqlarni joylashtirishimiz va o‘tkazishimiz mumkin bo‘lgan rekord miqdordagi qo‘shindir”, deydi u.
Ma’lumot uchun, 17 va 18 yanvar kunlari Bryusselda NATOning yuqori martabali harbiy rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Bild” nashri Germaniya Qurolli kuchlarining yashirin hujjatiga tayanib, 2025 yilning yozida NATO va Rossiya o‘rtasidagi urush boshlanishini prognoz qilgandi. NATO strategik aloqalar markazi direktori Yanis Sarts esa “Bild”ning maqolasida alyans imkoniyatlarini sinab ko‘rish uchun “xayoliy vaziyat” bilan mashg‘ulotlar ssenariysi tasvirlanganini ma’lum qildi. Estoniya Bosh vaziri Kaya Kallas esa Rossiya 3-5 yil ichida yana NATO davlatlarining sharqiy qanotiga jiddiy tahdid solishini aytdi.