Biz doimo qo‘shnilar bilan munosabatlarni mustahkamlashga intilamiz – Pezeshkiyon

Olam

image

Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash o‘z ma’muriyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani va bu masala ushbu hukumatda shiddat bilan amalga oshirilishini aytdi. Bu haqda IRNA xabar berdi.

Pezeshkiyon kecha, 15 yanvar kuni Tehrondagi Mehrobod aeroportida Tojikistonga jo‘nab ketish oldidan nutq so‘zlar ekan, tili va tarixi mushtarak bo‘lgan qo‘shni Tojikiston davlatiga safari chog‘ida suv sohasida hamkorlik bo‘yicha qo‘shma hujjatlar imzolanishi, qishloq xo‘jaligi, ilm-fan, madaniyat, sanoat, savdo, transport va tog‘-kon sanoati kabi sohalarda kelishuvlar bo‘lishini aytgan.

“Biz bu mamlakat bilan munosabatlarimizni chuqurlashtirishga harakat qilamiz”, degan u.

Mas’ud Pezeshkiyon Rossiya va Tojikistonga safar Putin va Rahmonning rasmiy taklifiga javoban amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

“Rossiyaga safari chog‘ida iqtisodiy, ilmiy, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xavfsizlik masalalarini o‘z ichiga olgan keng qamrovli strategik hujjat ham imzolanadi”, degan Pezeshkiyon.

Prezident boshqa qo‘shni davlatlar bilan har tomonlama hamkorlik bo‘yicha hujjatlarni imzolash bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ta’kidlar ekan, Iroq bilan munosabatlarni yaxshilash, tajriba almashish va pirovardida, Iroq va Eron o‘rtasida muvofiqlashtirish va hamkorlikni oshirish maqsadida hujjat imzolanishini ma’lum qildi.

“Mintaqadagi transport, energetika, madaniyat, ilm-fan va sanoat sohasidagi aloqalarni kengaytirish tendensiyasi davom etar ekan, biz muammolarimizni va Qo‘shma Shtatlar amalga oshirishga urinayotgan bosimni hal qila olamiz”, deydi u.

Ma’lumot uchun, Eron Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi 15-17 yanvar kunlari davom etadi, unda ikki davlat o‘rtasida oliy darajadagi uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkaziladi, ko‘plab yangi hamkorlik hujjatlari imzolanadi va boshqa muhim tadbirlar rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 15 yanvar kuni Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon davlat tashrifi bilan Tojikistonga kelgandi. Dushanbe xalqaro aeroportida uni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning shaxsan o‘zi kutib oldi va yuksak hurmat belgisi sifatida oliy martabali mehmonni mamlakatga ilk tashrifi bilan samimiy qutladi. Shundan so‘ng, Pezeshkiyon Dushanbedagi Ismoil Somoniy haykalini ziyorat qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Putin Imomali Rahmon Tehron Mas'ud Pezeshkiyon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing